Bosh saxifa Kirish A`zo bo`lish
Tavsiya Etamiz!
Bloglar | Nodirbek Mamatqulov

Osmonga uchgan orzular


Men hayotimda juda ko'plab sinovlarga duch kelganman. Taqdirning menga bergan bu azob va sinovlarini doimo yuzimda tabassum, o'z kuchim va yaqinlarimning daldasi bilan yengganman. Bugungi kunga yetib kelishimda onamning tutgan o'rni beqiyos bo'lsada, hayotimni o'zgartirib yuborgan inson umuman boshqa.

2011-yil. Doimgidek sentabr oyining ilk kunlari. Uch oylik ta'tildan keyin yangicha g'ayrat, sog'inch va orzular bilan yana o'zim uchun qadrdon bo'lgan maktabga qatnayabman. U paytlari darsdan qochish, sinfdoshlarimiz bilan Game Clublarga borib, virtual o'yinlarda kim zo'r ekanligini aniqlardik. Ko'plab bolalarning o'z sevgan qizi bo'lar edi, aksariyati sinfdoshimiz edi. Ha, bolalik beg'ubor bo'ladi deb bejiz aytishmagan. Sinfdoshlar orasida hazil-huzul bilan muhabbatning alanga olishi juda ko'plab uchrab turadi.

Bilmadim, qizlarga gap otish yoki bo'lmasa ularga yoqishga umuman intilmas edim. Dars tugaganidan keyin iloji boricha tezroq uyga berilgan topshiriqlarni bajarishga kirishardim, ko'chada to'p tepish yoki televizorda futbol tomosha qilish uchun.

Vaqtlar mana shu taxlit o'tavergach, mening ham qalbimda xuddi o'sha "sinfdosh-oshiqlar" kabi muhabbat tuyg'usi uyg'onaverdi. Albatta, bunga parallel guruhdagi qizning menga doimo tabassum ila qarashi sabab bo'ldi.

Bilardim uning menda qandaydir ko'ngli bor ekanligi, uning ko'zlarida u mening mehrimni istayotganligini ko'rardim. U ham qiz bola ekanligi va ibo-hayosi tufayli menga birinchi bo'lib o'z muhabbatini izhor qilishga shoshilmayotganligi kundek ayon edi. Mening qalbimda ilk bora bunday tuyg'uning uyg'onayotganligi, unga hattoki bir og'iz ham gapirish imkonini bermas edi. O'rtamizda vositachilik qiladigan "sinfdoshlar" orqaligina biz bir-birimizga xat yozardik.

Maktab davrining yoshlikda eng beg'ubor va shirin bo'lganligiga o'shanda amin bo'lganman. Biz xatlardagi chizilgan yuraklar orqali ikkimizning mehrimizni, sevgimizni xis qilardik. Telbalik. Ammo bu telbalarcha bo'lgan muhabbat, meni yashashga undagan. Buni esa keyinroq yozib qoldiraman.

Vaqt shu tariqa o'tavergach, oxir-oqibat uning telefon raqamini olishga urindim. Aynan olgan kunimda, u o'z tug'ilgan kunini nishonlayotgan ekan. Kimnidir sevgan yurak aqlni boshqaradi. O'shanda to'g'ri gul sotadigan do'konga borib, 50 dona atirgul olib, oq rangdagi buket ichiga o'ralgan muhabbat ramziga uning ismi - Dildorani yozdirganman. Endi uni eng yaqin dugonasidan berish orqali o'z tabrigimni yo'llaganman. Ertasi kuni uning bu sovg'adan juda xursand ekanini eshitib, go'yoki osmonda uchganman.

Shunday qilib, o'sha yili maktabning yana bir yilini bitirdik. Esimda, sog'inchim g'ururimdan ustun kelganligi bois, 23-iyunda unga ilk bora qo'ng'iroq qilganman. Boshida dastlab hayajonlanib, unga nima deyishni bilmaganman, lekin sevgining kuchi, baribir dilimdagini tilimga ko'chirishda eng muhim rolni o'ynagan.

Bu qo'ng'iroqlar bizni yanada yaqinlashtirar, endi ikkimiz orzular qilar edik. Endi kimdir maktabga bormasa yoki qo'ng'iroq qilmasa undan juda xavotir oladigan bo'lib qoldik. Telefonlar o'chirilganda esa, yurak har xil holatlarni o'zidan o'tkazardi.

Men hech qachon o'zimning yashashimdan nolimaganman. Dadam tirikligida, yaxshi hayot kechirganmiz. Lekin uning vafot etishiga hech kim tayyor emasligi bois, vaziyatdan chiqib keta olmaganmiz. O'shanda 10-15 kun telefon ishlatmasdan, faqat dadamning vafotidan keyin o'zimni o'nglashga urindim. Axiyri, Dildora haqiqatni bilgach, men kabi chuqur qayg'u chekdi, ko'z yosh to'kdi.

U mendan boy yashardi, lekin hech qachon buni pesh qilmas, agar sabr va harakat qilsam, men ham mana shunday yaxshi yashashimga ishonishini ko'p bora ta'kidlardi. Ma'lum muddat qiyinchilikda qolganimda, hattoki do'stlarim menga yordam qo'lini cho'zishmagan bir mahalda, u o'zining taqinchoqlarini sotib, menga yordam bergan. Evaziga ularni qaytarmasligim, faqat uning yonida bo'lishim kerakligini uqtirgan.

Kollejga o'qishga kirganimdan keyin, kompyuterlarni sozlash va ta'mirlash bo'yicha ishga joylashdim, qiyinchiliklar ortda qolayotgan, uning ham menga bergan yordam pullarini qaytara boshladim. U buni olishni xohlamasada, rayimni qaytarmasdi.

Darhaqiqat, uni sevardim. O'tgan yili yuragim bilan bog'liq muammolar sabab bir o'limdan qolganman. Aynan uning ishonchi, mehri va sadoqati sabab. Do'stlarim hattoki holimdan xabar olishga kelishmasada, u onamdan yashirincha meni ko'rib ketardi. Ishoning, bu voqealar bo'lgan.

Operatsiyadan bir kun oldin, telefon orqali suhbatda Dildoraning kelajak haqida aytgan gaplari, menda juda katta ishonchni paydo qildi. Aynan o'sha mehr va sadoqat sabab, men hayotga qaytganman.

Ammo taqdir ikkinchi bor mening eng yaqin insonimni olib ketdi. Yil boshida unda rak kasalligi borligi menga qorong'u edi. Uni ko'rganimda ko'zlarida ma'yuslik, yuzlarida xorg'inlik ko'rinardi. U esa meni chalg'itishga, shunchaki charchaganini aytish orqali meni chalg'itardi. Oxir-oqibat, uning bu bedavo dardga chalinganini bildim.

Bilganimda esa uning atigi uch oy umri qolgandi. Tinmasdan ko'z yoshlar to'ksamda, unga hech qanday yordam bera olmas edim. Lekin hayotining so'nggi lahzalariga qadar uni baxtli qilishga urindim. Va Dildorani bu hayotdan mamnun holatda tark etishida ozginagina o'z xissamni qo'sha oldim.

U 7-may kuni tug'ilgan va aynan shu kuni bu hayotni tark etdi. Bunday taqdirni Ollohimning o'zi unga ravo ko'ribdimi, demak u farishta.

Futbolni yaxshi ba'zi yigitlardan yaxshi tushunardi. Londonning "Arsenal"iga muxlisalik qilsada, boshqa jamoalar, ayniqsa, "Liverpul"ga ham befarq emasdi. Liverpul.uzdagi faoliyatimga o'zining kerakli munosabatlarini ayta olgani uchun, o'z o'rnimga ega bo'ldim.

Birga yurgan yo'llarimizda, o'tirib ovqatlanganimda uning siymosi hech qachon ko'z oldimdan ketmaydi. Qiynalayabman birinchi muhabbatning men uchun armonga aylanganidan. Ertaga kim bilandir hayotimni davom ettirishim mumkindir, ammo u bilan o'tkazgan baxtli lahzalarimni boshqa bilan yana qayta xis eta olmayman.

Kimlardir uchun bu post ertak, kimgadir qayg'u. Kim uchundir reytingni oshirish, yana kimgadir bu haqiqat. Men 6 yillik mana shu muhabbatni, butun umrlik hayotimga almashtirgan bo'lardim. Chunki bu 6 yilning kattagina qismini men baxtli o'tkazdim.

U menga sevgini, mehrning iliq tafti, hayotda yengilmaslikni, oqibatni va sadoqatni o'rgatdi. Bir vaziyatda hattoki o'z ota-onasidan ham kechishga tayyor insonni menga yuborgan Ollohimdan ming bora roziman.

Oxirating obod, joying jannatdan bo'lsin!
Izoh (2)
Lost*Red [Off] Javob | Sit (12.08.2017 / 04:15)
Haa hayotda bunday ishlar tez-tez sodir bo'ladi.. Bu yog'iga endi yashashda davom eting uka.. Endi ming uringan bilan o'tgan kunlar qaytmaydi.. Oxirati obod bo'lsin!
I ❤ Liverpool ✔ (SV!) [Off] Javob | Sit (23.05.2017 / 16:31)
 Ит хурса, мени хам жавоб кайтаришим шарт эмас!

Оҳиратлари обод бўлсин! Биз сиз биланмиз Нодирбек. Ҳали энг зўр кунларингиз олдинда.