Bosh saxifa Kirish A`zo bo`lish
Tavsiya Etamiz!

Tahlil. "Liverpul" rekord darajadagi transferni amalga oshirishi kerakmi?

22 apr 2018, 22:43
Xabaringiz bor, mavsum yakunida agar "Liverpul" Yevropa Chempionlar Ligasiga yo‘llanmani qo‘lga kirita olsa, klub rahbarlari jamoaning kelasi mavsumda tarkibni mukkamal darajaga keltirishi uchun rekord darajadagi summa ajratishni va’da qildi.

Bu pullardan Yurgen Klopp birinchi navbatda himoya chizig‘ini mustahkamlashga e’tibor bermoqchi. Ayni damda bir qator nashrlar "Sautgempton" himoyachisi Virgil Van Deykni "Liverpul"ga 50 million funt evaziga o‘tishi mumkinligi haqida bayonot berayapti. Lekin mazkur himoyachini Enfildga olib kelish oson bo‘lmasligi tabiiy. Boisi, unga "mersisaydliklar"dan tashqari "Chelsi", "Manchester Siti" va "Everton" klublaridan ham jiddiy qiziqish mavjud. Shuning uchun ham Yurgen Klopp otni erta qamchilash maqsadida, klub rahbariyatidan gollandiyalik himoyachi uchun taklif yuborishni so‘ramoqda.

Bugun Liverpul.uz sayti Virgil Van Deyk haqida qisqacha maqola tayyorladi va uning klubimizga qay darajada qo‘shilib ketishi haqida fikr yuritadi.

Virgilning professional futbol faoliyatiga nazar

*


Van Deyk futbolchilik faoliyatini o‘z mamlakatining "Villem II" klubida boshlagan. Keyinchalik, u "Groningen" jamoasiga ko‘chib o‘tadi va 2011-yilning may oyida ilk professional o‘yinini o‘tkazish baxtiga muyassar bo‘ladi.

2011/12-yilgi mavsumda Virgil 23 uchrashuv o‘tkazib, o‘z klubini Eredevizeda jon saqlab qolishi uchun katta yordam beradi. Kelasi yili esa "Groningen" safida himoyachi asosiy tarkibga mustahkam o‘rnashib olishga erishadi hamda uning jamoasi musobaqa jadvalida 7-o‘rinni qo‘lga kiritadi. Bu o‘sha paytda "yashillar" uchun quvonishga arzigulik natija hisoblanardi.

Mavsum yakunlangach, 2013-yili boshqa bir "yashillar", ya’ni shotland klubi "Seltik" Van Deyk uchun kurashda boshqa jamoalarni ortda qoldirib, 2,6 million funt sterling evaziga uni o‘z tarkibiga qo‘shib oladi.

Yangi klubda yangi mavsumni himoyachi a’lo darajada o‘tkazdi, har holda buni statistika aytib turibdi. 2013/14-yili Van Deyk Shotlandiya Premier-ligasida jami 38 o‘yindan 36 tasida maydonga tushadi va markaziy himoyachi bo‘lishiga qaramay 5 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol etadi. U o‘sha yili mavsum ramziy termasidan ham joy egallaydi.

2014/2015-yilgi mavsumda Virgil yanada yaxshiroq natija qayd etdi. U "Seltik" bilan yana bir karra Shotlandiya chempioniga aylanib, 35 o‘yinda maydonga tushadi. Mavsum yakunlariga ko‘ra, u yana ramziy terma jamoadan o‘rin olgan. O‘sha mavsum gollandiyalik himoyachi barcha musobaqalarda 58 o‘yin o‘tkazib, jami 10 ta gol uradi. Markaziy himoyachi uchun bu ajoyib natija, shunday emasmi?

Undan keyingi mavsum yarmiga qadar futbolchi "Seltik" safida 10 o‘yin o‘tkazdi. 2016-yil boshiga kelib Van Deyk faoliyatida katta siljish ro‘y berdi. U endi dunyoning eng murosasiz deb yuritiladigan chempionat klubi "Sautgempton" bilan shartnoma imzoladi. Futbolchi yangi jamoasi uchun 13 million funtga tushdi. Oradan bir oy o‘tgach, u Gollandiya terma jamoasidagi ilk uchrashuvida maydonga tushdi.

Van Deyk qisqa fursat ichida "Sautgempton"ning ham asosiy tarkibiga kirib oldi. Axir, u bejizga yangi klubida yilning eng yaxshi futbolchisi deb tan olingani yo‘q. Mazkur futbolchi maydonda bo‘lib turgan vaqtda jamoa kam gol o‘tkazadi. Jumladan, u o‘yinda bo‘lgan 34 bellashuvda "Sautgempton" atigi 36 marta gol o‘tkazdi.

Yanvar oyida uning ishonchli o‘yinlari evaziga jamoa murabbiylari Joze Fontedan voz kechishni ma’qul deb bildilar hamda sardorlik bog‘ichini aynan Virgilga taqdim etishdi. Ammo joriy yilning 22-yanvarida Van Deyk og‘ir jarohat olib, haligacha uni davolash bilan ovora.

Kuchli taraflari

Birinchi navbatda, futbolchining jismoniy holati yaxshi bo‘lsa, uni xarid qilishga oshiqadilar. Van Deyk aynan shundaylar sirasiga kiradi. Uning jismoniy tayyorgarligiga o‘sib kelayotgan yosh futbolchilar havas bilan qarashadi. Virgilning bo‘yi 193 santimetrni tashkil etadi. Solishtirish uchun Joel Matipning ham bo‘y uzunligi aynan shuncha. Lekin Van Deyk afrikalikdan farqli o‘laroq biroz chaqqon hisoblanadi.

Statistikaga nazar tashlasak, joriy mavsumda himoyachi 75 foiz havodagi kurashlarda raqiblaridan ustun kelgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha, u faqatgina "Tottenhem" himoyachisi Yan Vertongendan ortda.

U o‘yinni o‘qish bo‘yicha ham ustasifarang mudofaachilardandir. Raqiblarining ayyorona to‘p uzatishlarini buzib qo‘yish holatlari bugungi qahramonimizda ko‘p uchraydi. Ya’ni, futbolchi joyni juda yaxshi tanlaydi.

Shuningdek, Van Deyk ko‘p hollarda raqiblarini yakkama-yakka holda chiqib ketgan vaziyatida, ular ortidan quvib, hujumni bartaraf eta oladi.

"Liverpul"ning yuqori pressingda o‘ynashini inobatga olsak, Van Deyk Yurgen Klopp falsafasiga mos tushish ehtimoli yuqori. Chunki, to‘p bilan ishlash borasida Virgil ijobiy harakatlanadi.

Uning 50 foiz to‘p uchun tashlanishi muvaffaqiyatli amalga oshgan va 56 marta to‘pni o‘zida ushlab qola olgan. Bu degani "Liverpul" himoyachilari bilan taqqoslaganda, "Sautgempton" futbolchisi ustun deganidir.

Van Deykning eng ustun jihatlaridan yana biri, u juda tartibli va qo‘pol xatolarga deyarli yo‘l qo‘ymaydi. Himoyachi ushbu mavsumda 3 bor ogohlantirish oldi, o‘tgan mavsumda esa ikki marotaba sariq kartochka ko‘rsatilishiga sababchi bo‘lgandi. Yakuniga yetayotgan mavsumda gollandiyalik futbolchining qo‘pol xatosi tufayli jamoasi umuman aziyat chekmagan, "Liverpul" himoyachilari esa 9 bor bunday antistatistikani qayd etishgan.

Mazkur futbolchi qaysi paytda oldinga chiqishni juda yaxshi sezadi. Shu bois, u biror mavsumni golsiz yakunlamagan. Yuqoridagi statistikalarga quloq tutadigan bo‘lsak, Van Deykning TOP jamoaga o‘tadigan vaqti kelgan.

*


Kuchsiz tomonlari

Inson borki, unda xato va nuqson bo‘ladi. Bundan Van Deyk ham mustasno emas.

Masalan, u kamdan-kam vaziyatlarda hushyorlikni yo‘qotadi. Natijada, raqiblar o‘zlari uchun bo‘sh joy yaratib olish imkoniyatini yaratishi mumkin.

Ba’zan, uning to‘p uzatishlari sheriklari tomon aniq yetib bormay qolish holatlari kuzatiladi. Shuningdek, u sheriklari bilan bir chiziqda turishda ham adashadi. Ammo, bu xato faqatgina Van Deykda desak, adashgan bo‘lamiz.

Ushbu futbolchi ayni damda 25 yoshda ekanligini inobatga olsak, hali o‘z ustida yanada ko‘proq ishlab, yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf eta olishiga ishonish mumkin.

U 50 millionga arziydimi?

Ko‘pchilikning fikricha, yo‘q. Ammo hozirgi holatdan kelib chiqadigan bo‘lsak, Van Deyk darajasidagi yoshi o‘tmagan himoyachilar kam. Agar, shu pullar evaziga himoyadagi muammolar butkul hal etilsa, nima uchun bundan foydalanmaslik kerak. Axir, Yurgen Klopp jamoaga kimni olib kelishni juda yaxshi biladi. Buni u Joel Matip, Jorjino Veynaldum va Sadio Mane transferlari orqali isbotlab berdi. Umid qilamizki Klopp bu safar ham adashmaydi.

Ushbu transfer haqida saytimiz foydalanuvchilarining fikrlari qanday?

Shahboz_liverpul:

Bizga Van Deyk kabi jismonan baquvvat va hujumchilarni nima qilishini oldindan sezadigan futbolchi kerak. Virgil xuddi shunday himoyachi. Ko‘rsatayotgan o‘yinlari orqali buni isbotlagan.
Hozirda u jarohatini tuzatishni so‘nggi bosqichida, yana oldingi sport formasini tiklab olishiga ishonaman.


DoNiYoR_LFC:

To‘g‘risini aytsam, men bu transferga sal qarshiman. Chunki 50 millionga bu himoyachini olsak moliyaviy jihatdan yutqazamiz. Undan ko’ra, bu pulga kuchli hujumchi olganimiz yaxshi. Meni fikrim Sakoni ortga qaytarib, o’zimizda o’ynatish kerak. Sakoga yetadigan himoyachi yo’q baribir. Klopp Van Deykni baribir sotib olishga harakat qiladi, bu aniq! Lekin Sakoni ham ortga qaytargani ma’qul. Balki ikkalasi ham keyingi mavsum bizda o’ynar, biroq unda Klavan ketishiga to‘g‘ri keladi.

SARDORBEK LFC ☆!:

Menimcha, u har tomonlama to'g'ri keladi, faqat narxini hisobga olmaganda. Sal qimmatligi bor, lekin u shunga arziydi. Klopp ishonch hosil qilgan o’yinchini oladi. Kimgadir balki 20 yoki 30 million sarflanar, ammo bular o’zini oqlamasligi mumkin. Klub egalari jamoani kuchaytirishni xohlayaptimi, demak ishni eng nozik nuqtadan boshlash va o'sha nuqtani kuchaytirish lozim. YeChLdek musobaqada o‘ynash uchun kuchli himoyachi olish kerak. Aynan Van Deyk bizga mos o‘yinchi. Uni bu mavsumgi o‘yini bunga misol. Menimcha, u APLning eng kuchli markaziy himoyachilaridan biri. Yuqorida aytganimdek, 30 mln sarflab "Atletiko"dan Xose Ximenesni olar, lekin u ham ba’zi-ba’zida qovun tushurishini ko’pchilik bilsa kerak. Bu xato transfer bo’lishi mumkin. Bonuchchi transferi haqiqatdan ancha uzoq. Lekin Van Deyk "Liverpul"dagi nozik nuqta - standartlardagi xatoliklarni yopishda eng katta yordam bo’ladi. Ham jismonan baquvvat. Bo‘yi ham bor, ikkinchi qavatda o’ynashga shunday sovuqqon futbolchi kerak yana bitta. Biri esa bizda bor, bu Lovren. U ham hozir klubni ishongan himoyachisi. Agar Van Deyk kelsa, himoya markazidan ancha vaqt ko’ngil to’q deb hisoblayman.

Steven_Gerrard:

Jamoaga kuchli markaziy himoyachi kerak, van Deyk varianti yaxshi. Uning transferi orqali jamoamiz himoya "qo'rg'oni" ancha mustahkamlanadi. "Liverpul" bilan "Sautgempton" aloqalari juda yaxshi ekanini hisobga olsak, transferni amalga oshirsa bo'ladi. Klopp boshqa Sako bilan ishlamasa kerak, menimcha. Sako ustidan qo'shimcha pul berib, gollandiyalik futbolchini "Liverpul"ga ko'chirib o'tsa bo'ladi.

Van Deyk bosh va oyoqlar bilan o'ynashda benazir. Yana bir jihat unda, bizni jamoaga yetishmayotgan sardorlik, yetakchilik ruhi bor.


Owen:

Ochiq gap, Van Deyk kabi himoyachi "Liverpul"da o‘ynashini juda xohlayman. Himoyada barqaror o‘ynaydi, baland bo‘y, standartlarda xavfli. Menimcha, uning bizga o‘tish-o‘tmasligi quyidagi ikki faktorga bog’liq: 1. "Kristal Pelas"ning qolgan o‘yinlarda qanday natijalar qayd etishi va unda Sakoning qanchalik hissasi borligi. 2. Kloppning Sakoga nisbatan qo‘llayotgan prinsiplari. Har ikki faktorga uyg‘un kelgan holda, Van Deyk bizga kerak emas. Chunki, Sako va uni saviyasi teng deb hisoblayman.

aszmuzb:

Van Deyk asosan markazda o'ynaydi, bizda bu zonada Matip bor. U bilan yaxshi tandem hosil qilishi mumkin yoki uni asosiy o'rinbosari bo'lishi mumkin. Taxminan 20 million narxi, menimcha. Olsak faqat yutamiz. O'yinlarini ko'p emas, 3-4 marta ko'rdim. Himoyamizda bo‘shliqlarni to‘ldirishiga ishonaman.

небылвэнфилде:

Van Deykni bilmadim, kelsa yaxshi bo‘lardi. Maksimal baxosi 30 million, menimcha. Shu xolos, kengroq fikr kelmayabdi.
Teglar : Virgil Van Deyk | Tahlil | Maqola
Manba : Liverpul.uz
Qo`shdi: I Liverpool
Ko`rildi: 1545 Marta
Fikrlar (Umumiy: 39 ta)

Ma'lumot:

» Hozir saytda: 61
» Foydalanuvchilar: 11
» Mexmonlar: 50

Bugun kirgan barcha foydalanuvchilar
Statok.netwaplog