Bosh saxifa Kirish A`zo bo`lish
Tavsiya Etamiz!

Yoqubjon Bobojonov: "Yurgen Klopp kelasi mavsumda jamoani chempion qilishiga ishonaman"

20 may 2018, 22:31
"Muxlislardan savollar" ruknining navbatdagi mehmoni UZREPORT TV va Futbol TV sharhlovchisi Yoqubjon Bobojonov ekanligi haqida ma’lumot bergandik. Mazkur mehmonimiz bilan intervyu ajoyib tarzda o‘tdi. Bobojonov bir necha qiziqarli savollarga samimiy tarzda o‘z javoblarini berishga harakat qildi.

*


O‘zingiz haqida qisqacha biografiya bersangiz va sharhlovchilikka qanday kirib kelgansiz?

- Men bolalagimda futbolchi bo'lishni orzu qilganman. Bolalagimda futbolchilar, ayniqsa, milliy terma jamoa a'zolari men uchun millat qahramoniga o'xshardi. Ularning o'yini, urayotgan gollari millonlab kap-katta odamlarni, butun xalqni xursand qilganidan balki shunday fikrga borgandirman. Ammo orzuim amalga oshmagach, sport jurnalisti bo'lishga qaror qildim. O'z vaqtida www.uff.uz saytida ishladim. Keyin esa 2015-yil UZREPORT TV telekanaliga ishga keldim. Bu telekanal o'z oldiga katta maqsadlar qo'ygandi. O'zbekiston televideniyesi tarixida ilk marta litsenzion futbol translyatsiyalarni amalga oshirishni boshlagandi. Mana shunday tarixiy voqeaning bir qismi bo'lishga, olib borilayotgan ishlarga o'z hissamni qo'shishga qaror qildim. Shunday imkoniyatga ega ekanligimdan juda xursandman.

Ko‘pincha ijtimoiy tarmoqlarda sizni O‘zbekkino yulduzi Adiz Rajabov bilan uchratamiz. O‘zaro qanday bog‘liqlik mavjud?

- Biz Adiz Rajabov bilan 1999-2001-yillar davomida bitta liseyda o'qiganmiz. 17 yildan beri do'stligimiz davom etmoqda.

Ilk sharhingizni eslay olasizmi? Ichingizdan qanday hissiyotlar o‘tgan?

- Ilk sharhimni juda yaxshi eslayman. 2016-yil fevral oyida APLdan o'rin olgan "Arsenal" – "Uotford" uchrashuvini Davron Fayziyev bilan sharhlagandim. Juda hayajonlanganman. Hamkasbim Davron hayajonimni yengishga katta yordam bergan. “Hayajonlanma, bu hech qanaqa final emas. APLning oddiy bir o'yini. Xotirjamlik bilan sharhlaymiz” degani meni ancha tinchlantirgandi. O'rni kelganda meni jonli efirga olib chiqqan va o'ziga xos tarzda ustozlik qilgan hamkasbim, kursdoshim, do'stim Davron Fayziyevga minnatdorchilik bildirib o'tmoqchiman.

*


Har qaysi futbolchi yoshligida biror futbolchiga o‘xshashga intiladi. Sharhlovchilarda ham shundaymi? Umuman kimning sharhlari sizga yoqadi?

- Menga ko'proq Denis Kazanskiyning sharhlari yoqadi. UZREPORT TV rahbariyati tomonidan taqdim qilingan imkoniyat tufayli, Denis bilan Toshkentda ikki kun davomida hamsuhbat bo'lish menga nasib qilgandi. O'shanda uni nafaqat yaxshi sharhlovchi, balki ajoyib inson ekanligiga ham guvoh bo'lganman. Tarbiyali, yuqori odobli va muomalasi juda chiroyli inson. Avvallari Vasiliy Utkinning sharhlari yoqardi. Ammo keyinchalik u ancha pastladi. Inson sifatida ham.

O‘tgan yili UZREPORT TV telekanaliga taniqli rus sharhlovchisi Aleksandr Yelagin ham kelib, ba’zi o‘yinlarni sharhlab bordi. Mana shu kishidan nimalarnidir o‘rgana oldingizmi?

- Ha, Aleksandr Yelagin bilan deyarli bir hafta bir xonada o'tirib ishlash nasib qildi. Yelagin – tirik, ikki oyoqda yuradigan ensiklopediya ekan. Men undan o'yinlarga qanday tayyorgarlik ko'rishni o'rgandim. Ammo uning uslubi menga mos emas.

"Katta bo‘lganimda sharhlovchi bo‘laman", deb o‘sib kelayotgan yoshlar nimalarga e’tibor berishi zarur?

- Avvalo futbolni sevish kerak. Keyin har tomonlama chuqur bilimga ega bo'lish zarur. Va eng muhimi xorijiy tillarini yaxshi o'zlashtirish kerak.

O‘yinlarga sharhlovchilar qanday tanlab olinadi, o‘zingiz tanlaysizmi yoki sizga shuni sharhlaysan deb aytishadimi?

- O'yinlarni sharhlovchilarga UZREPORT TV telekanali Sport tahririyati xodimlari bilan birgalikda o'tirib taqsimlaymiz. Bu juda qiziq jarayon. Ko'p narsalarni hisobga olib, o'yinlarni sharhlovchilarga taqsimlash zarur. Bu qanday kechishi muxlislar uchun sir bo'lib qolgani ma'qul.

Siz uchun qay bir chempionat bahsini sharhlash yoqimli: APL yoki LaLiga?

- So'zsiz – APL.

Terma jamoamiz 2018-yilgi Jahon Chempionatiga nimaning evaziga chiqishi mumkin?

- Mo'jizaning evaziga.

Ko‘pincha aksariyat o‘zbek sharhlovchilari og‘ir bosiqlik bilan o‘yinni sharhlaydi. Arab, rus yoki boshqa chet el sharhlovchilari esa kutilmagan vaziyatlarda emotsiyalardan o‘zini tiyishmaydi. Bu nima bilan bog‘liq, bizda uyalishadimi yoki biror taqiq bormi?

- Hech qanday taqiq yo'q. Bu hammaning o'ziga bog'liq. Har bir sharhlovchi o'ziga mos uslubni tanlaydi. Masalan, hamkasbim Sanjar Rizayev ancha emotsiyalarga berilib sharhlaydi. Bu kimgadir ma'qul, kimgadir esa yoqmaydi.

UZREPORT TV telekanalida futbol uchrashuvlarini jonli efirda namoyish etish va Futbol TV telekanalini ochish takliflari kimdan chiqqan?

- Telekanal rahbariyati shunday qarorga kelgan.

Ko‘pchilikni qiziqtiradigan savol: UZREPORT TV yoki Futbol TV telekanalini kelajakdagi rejalarida O'zbekiston terma jamoasi yoki umuman o‘zbek futboli ishtirokidagi o'yinlarni ham jonli efirda olib berish rejasi bormi?

- Hozircha bu borada aniq bir ma'lumot bera olmayman. Ammo o'zbek futboliga oid ko'rsatuvlar berib borish rejamiz bor.

"Liverpul" 27 yil deganda ham APL chempioni bo‘la olmayapti. Bunga sabab nimada deb o‘ylaysiz? Jamoa haqida fikrlaringiz.

"Liverpul"ga kuchli zaxira futbolchilari yetishmayapti. Bundan tashqari jamoaga so'nggi pallalarda omad ham yetishmayapti. Lekin Yurgen Klopp kelasi mavsum jamoani chempion qilishiga ishonaman. Agar yozda yetarlicha kuchli futbolchilar xarid qilinsa.

Avval ham Liverpul.uz sayti haqida xabaringiz bo‘lganmi?

Yo'q. Endi bildim bu sayt haqida. Bizda ham "Liverpul" kabi kuchli klublarning maxsus saytlari ochilayotganidan xursandman.

Intervyu uchun katta rahmat. UZREPORT TV va Futbol TV hamda sizning ijodingizga omadlar tilab qolamiz.

- Katta rahmat
Teglar : Yoqubjon Bobojonov | Intervyular |
Manba : Liverpul.uz
Qo`shdi: I Liverpool
Ko`rildi: 1268 Marta

Ma'lumot:

» Hozir saytda: 58
» Foydalanuvchilar: 2
» Mexmonlar: 56

Bugun kirgan barcha foydalanuvchilar
Statok.netwaplog