Bosh saxifa Kirish A`zo bo`lish
Tavsiya Etamiz!

Xatolar qurbonlari... Jarlikka qulayotgan Yurgen Klopp va uning jamoasi

19 okt 2017, 21:49
*


Men butun yoz faslida birorta tahlil, mulohaza yozmadim. Jimgina kuzatishni afzal bildim. Bilardimki, vaziyat yaxshi tomonga o'zgarmasdi, "Liverpul" o'rtamiyona jamoaga aylanib qolardi. Va bugun o'zimdan boshqa hech kim amin bo'lmagan fikrni aytmoqchiman - bizning muxlislik qiladigan jamoamiz sovrin yutadigan darajada kuchli emas.

Ba'zida sizning yuritayotgan fikringizga qarshi chiqadiganlar ham juda ko'plab topiladi. Siz xato qilayotganingizni ko'rsatib berishsa ham, siz o'sha yo'ldan odimlashda davom etaverasiz. Bora-bora u yo'lning oxiri yo'q ekanligini so'nggi qadam tashlanganda, ko'z ko'rganda bilib olasiz.

Men o'zimning fikrlarimga ega insonman. Maqtanishni istamayman, kerilishni xush ko'rmayman. Kerakli paytda mendan kerakli maqolalarni kutganlar bor. Ammo men jim turishni istadim. Chunki klub namoyish etayotgan o'yin haqida biror fikr yuritish to'g'ri emasdi. Endi ochilishga, alam orqali klaviaturani yana jumbushga keltirishga majburman. Majbur qilishdi.

"Agar men uch yil ichida, "Liverpul" bilan sovrin yutolmasam, murabbiylik sohamga nuqta qo'yaman". Bu Yurgen Kloppning qaysidir matbuot anjumanida aytgan gaplari edi. Sovrin yo'q, ketish yaqin. Ha, biz Yevropa Ligasi finaliga chiqdik, Liga Kubogida faqat penaltilar seriyasida mag'lubiyatga uchradik. Keyinchi? Qoyillatib qo'yib medallardan biriga ega chiqdimi o'sha biz kutgan murabbiy yoki yulduz o'yinchilarni xarid qilib, klubning Rojers davridan qolgan o'yin uslubini o'zgartira oldimi?

Biz skauzerlar har mavsumni, klubning salohiyati yetmasada, biz ushbu mavsum albatta APL chempioni bo'lamiz degan umid bilan kutamiz. Xomhayol, bizning bu holatimizda hattoki orzu qilishimizning o'zi kulguli.

Ehtimol, "Arsenal"ga to'rtta gol urib, "Manchester Yunayted"ni himoyaga qamab qo'yib, YeCHL rekordini takrorlashimiz mumkin. Ammo "Byornli", "Kristal Pelas" darvozasiga bitta gol kiritilishini umid bilan kutamiz. "Siti", "Tottenxem" maydonida sharmandalarcha qabul qilinadigan mag'lubiyatlarni ko'tarishga majburmiz.

Bugungi "Liverpul" - APLning o'rtamiyona jamoasi. Buni ingliz matbuoti bod-bod takrorlamoqda. Qanchalik achinarli bo'lmasin, bu haqiqatga tik boqishimiz kerak.

Klopp yozda amalga oshirgan ikkita transfer o'zini to'liq oqladi. Hujum kuchli, himoya esa juda zaif. Chiroyli o'yin natija ko'rsatmasligini hamma ko'rdi, ikki jamoadan to'qqiz gol o'tkazganimizdan.

Himoya markazidagi Lovren va Klavan "qizillar" darajasida emasligini ularning o'zi qo'pol xatolari orqali ko'rsatishdi. Klavan o'rta darajadan pastligiga hamma amin bo'lgan, Lovren esa hech qachon "Liverpul" saviyasidagi himoyachi bo'lmagan. Lekin shunday bo'lishiga qaramay, birinchisiga bir yildan beri, ikkinchisiga 3-4 yildan buyon ishonishda davom etamiz, go'yoki ulardan yaxshi himoyachi yo'q.

Kloppning "Liverpul"dagi eng katta xatolaridan biri, o'z uslubiga bardosh berolmaydigan futbolchilardan, maksimum kuch bilan pressing ostida o'ynashni talab qiladi. Futbolchilarning jismoniy va ruhiy holatlari 90 daqiqalik yuqori tempga javob berolmasligini "Siti" va "Tottenxem" qaqshatqich zarbalar bilan isbotlab berishdi.

Vaziyatdan chiqish uchun nima qilish kerak? Uslubni biroz o'zgartirish. Ya'ni hujumkorlik o'zgarmaydi, farqli jihati endi jamoa himoyalashgan, qarshi hujumda o'ynaydigan holatga o'tishi kerak. Dastlabki 15 daqiqada tezkor gol kiritish, 30 daqiqaga qadar to'pni nazorat qilish, o'yin tempini biroz tushirish, taym oxirida hujumkorlikni qaytarish. Ikkinchi bo'lim ham xuddi shu ssenariy ostida o'tadigan bo'lsa, natijaga umid qilsa bo'ladi.

Hozirgi holatda eng ko'p jabr chekayotganlar "qizillar" muxlislaridir. Aynan ular jamoaning ayanchli mag'lubiyatlariga bardosh berishga majburdirlar. "Liverpul" muxlislari jahondagi eng sodiq, qiyin pallalarda ham o'z jamoasini yolg'izlatib qo'ymaydigan takrorlanmas ishqibozlardir. Ularda bu klubga bo'lgan nafrat yo'q. Lekin jamoaning ushbu holatida, ushbu mavsumda qaysidir musobaqada ulardan chempionlik kutadigan muxlis bo'lsa - demak, u bugungi kun "qahramoni".
Teglar : Mulohaza | |
Manba : Liverpul.uz
Qo`shdi: Liverpool_my_life
Ko`rildi: 1905 Marta
Fikrlar (Umumiy: 65 ta)

Ma'lumot:

» Hozir saytda: 45
» Foydalanuvchilar: 5
» Mexmonlar: 40

Bugun kirgan barcha foydalanuvchilar
Statok.netwaplog