Bosh saxifa Kirish A`zo bo`lish
Tavsiya Etamiz!

Anons. Angliyada ikkita katta o'yin bor

19 noy 2017, 18:36
Angliyada bu turda birdaniga ikkita katta uchrashuv bor. Biz bu uchrashuvlarini ko'rishni tavsiya etamiz.

VEST HEM – LIVERPUL (4 noyabr, 22:30)

*



Yozda eng ko'p transfer amalga oshirgan «Vest Hem» haligacha kutilgan o'yinni namoyish eta olganicha yo'q. Shu paytgacha uch marta istefo ostonasiga kelgan Slaven Bilichning bugungi holati ham yaxshi emas. Odatda, mana shunday pallalarda «Vest Hem» biror katta g'alaba erishgan va yana Bilichga ishonishda davom etaverishgan. Liga kubogida «Tottenhem»ga qarshi ajoyib g'alaba etarli emasligi aniq, endi APLda ham g'alaba qozonishni boshlash kerak, zero londonliklar atigi 9 ochko bilan 16-o'rinda borishmoqda.

«Liverpul» «Tottenhem» bilan o'yindagi «dahshat»dan so'ng, o'ziga kelib oldi, Premer Ligada va Chempionlar Ligasida yirik g'alabalarga erishdi. Navbatdagi London safari Klopp uchun yana bir sinov bo'lishi shubhasiz. O'tgan mavsumda liverpulliklar «Vest Hem»ni safarda yirik hisobda enggan bo'lishsa-da, undan oldingi uch mavsumda mezbonlarning qo'li baland kelganini unutmaslik lozim.

«Liverpul» o'yin oldidan biroz muammolarga duch keldi – Mane va Koutinoning jarohatlari haqida hali hech narsa malum emas, buning ustiga, aynan mana shunday jismoniy kuch va maydon markazidagi ustunlik talab qilinadigan o'yin oldidan Jorjio Veynaldumning ham maydonga tushishi so'roq ostida qoldi.

Xullas, APLning markaziy o'yinlari yakshanbaga belgilangan bo'lsa-da, shanba kunida ham zerikmaslikning ilojini topsa bo'ladi.

MANChESTER SITI – ARSENAL (5 noyabr, 19:15)

*



«Manchester Siti»ni to'xtatib bo'lmayapti, jamoa barcha musobaqalarda, barcha o'yinlarda faqat g'alaba qozonyapti, allaqachon 50dan ortiq gol urib ulgurdi. Ayni mana shunday formadagi jamoani to'xtatish uchun «Arsenal» eng mos nomzod bo'lmasa-da, Venger shogirdlaridan biror yangilik kutsa bo'ladi.

Umuman «shaharlik»larning so'nggi mag'lubiyati ham aynan «Arsenal»ga qarshi o'yinga to'g'ri keladi – Angliya kubogi yarim finalida «to'pchilar» 2:1 hisobida ustun kelgandi. «Arsenal» top o'yinlarda pragmatik bo'la olishini masalan, «Chelsi»ga qarshi safar o'yinida ham namoyish qila olgandi.

Manchesterliklar evrokubokdagi o'yinlarini «Arsenal»dan bir kun oldin o'tkazishgan. Ammo Venger Evropa Ligasida to'liq ikkinchi tarkibni tushirganini etiborga olsak, mehmonlarning bu jihatdan ustunliklari bor.

Bugungacha turli uslubdagi, turli jamoalarni o'z o'yini bilan engib kelayotgan «Siti» birinchi marta har tomonlama o'ziga mos va yaqin jamoaga qarshi to'p suradi. Bundan nima chiqishini ko'rishimizga ikki kun qoldi xolos.



ChELSI – MANChESTER YuNAYTED (5 noyabr, 21:30)

*



«Stemford Brij» «MYu» uchun eng noqulay maydonlardan biri. Agar faqat APL o'yinlarini etiborga olsak, Abramovich davrida manchesterliklar faqat bir marta, 2012 yilda g'alaba qozona olishgan xolos. O'sha o'yinda ham esingizda bo'lsa, mezbonlarning ikki futbolchisi maydondan chetlatilgandi.

Kayfiyat nuqtai nazaridan jamoalarning o'yinga ikki xil holatda kelayotganini aytish mumkin. «MYu» mavsumda hozircha yagona bo'lib turgan mag'lubiyatini unutib, qatorasiga 3 o'yinda g'alaba qozondi va o'z darvozasini daxlsiz saqladi. «Chelsi» esa, kutilmaganda Rimda yirik hisobda boy berdi. Shundan so'ng, Konte va rahbariyat o'rtasida ziddiyat yuzaga kelganini va hatto italiyalik murabbiyning istefo arafasida turganini yoza boshlashdi. Ammo o'tgan yili xuddi shunday vaziyatdan Konte ajoyib tarzda chiqib ketgan va 13 o'yindan iborat g'alabali seriyani boshlagandi.

Jarohatlar borasida har ikki murabbiy ham o'ziga xos tarzda «o'yin o'ynashmoqda». Ngolo Kante allaqachon jamoa bilan birga mashg'ulot o'tayotgan bo'lsa-da, Konte uni Rimdagi o'yinga olib bormadi va futbolchi hali sport formasiga qaytmaganini aytdi. Mourino esa, jarohatlangan futbolchilar haqidagi savolga aniq javob bermay, yana ikki kun sabr qilish kerakligini takidladi. Yani, aslida, Kante ham, Pogba ham o'yinga tayyor bo'lishi mumkin. Murabbiylar esa, bu fikrlar orqali birinchidan, raqibni chalg'itish, ikkinchidan etakchilarini terma jamoaga chaqiruvdan saqlab qolishni niyat qilgan bo'lsalar ajab emas.
Teglar : Anons | |
Manba : Liverpul.uz
Qo`shdi: FoReVeR_LFC
Ko`rildi: 447 Marta
Fikrlar (Umumiy: 2 ta)

Ma'lumot:

» Hozir saytda: 40
» Foydalanuvchilar: 5
» Mexmonlar: 35

Bugun kirgan barcha foydalanuvchilar
Statok.netwaplog