Bosh saxifa Kirish A`zo bo`lish
Tavsiya Etamiz!

Muhammad Salah - Yaqin Sharqni birlashtirgan qahramon

17 yan 2018, 15:34
Go'yoki Misrda hozir dunyoning ikki mo'jizasi bordek. Biri Giza piramidalari, ikkinchisi esa Muhammad Salah.

Uni uzoq vaqtlardan beri ardoqlashadi, sevishadi. Ammo, 28 yil ichida ilk bor misrliklarni Jahon chempionatiga olib chiqa olgan Muhammad mana endi chin manodagi millat qahramoniga aylandi.
Erishilgan ulkan g'alabadan so'ng barchasi o'z holiga tushdi, ammo Salah to'xtab qolmadi. Yangi yilga Salah APLning eng asosiy o'yinchisi: Ligada 17ta gol, Chempionlar Ligasi guruh bosqichida 6 gol, shuningdek, amalga oshirgan mo'jizalari uchun Afrikada yilning eng yaxshi o'yinchisi unvoniga sazovor bo'lgan holda yo'l oldi. Uni uyda nafaqat hayratlanarli natijalari uchun, balki Misr sahrosidagi "buyuk ko'tarilishi" sabab ham qadrlashadi.

*


Salah Iskandariya shahridan uncha uzoq bo'lmagan Narig qishlog'ida voyaga etdi. Uydagi eski rangsiz televizorda kamdan-kam holatlarda olib berilgan o'yinlarda — Ronaldo, Totti, Zidan kabi futbol yulduzlari harakatlaridan hayratlangan Salah o'zining sevimli mashg'uloti bilan faqat 7 yoshga to'lgandagina shug'ullanishni boshladi. Qishloqda futbol to'pi bo'lmaganligi sabab, u do'stlari bilan ko'pchilikka tanish usul — paypoqdan to'p yasab, futbol o'ynaydi. Bu holat PepsiCo tomonidan futbol bo'yicha maktablar o'rtasida tashkil etilgan musobaqaga qadar davom etdi. Bu paytga kelib Salah 14 yoshga kirib ulgurgan edi. Qohiraning "Arab Kontraktos" klubi skautlari qahramonimizni shu turnir orqali o'zlari uchun kashf qiladi. Mazkur musobaqa Muhammadga ilk shartnomani olib keladi. Ammo, mashg'ulotlarga qo'shilish uchun Salah deyarli har kuni 3 avtobus marshrutini almashtirgan holda faqatgina yo'lga 4 soat vaqt sarflashi kerak edi.

*


"Maktabdan erta chiqishga to'g'ri kelardi. Ertalab 09:00da darsga bordim, keyin esa klubdan qog'oz keldi: Muhammad kunduzgi 14:00 dagi mashg'ulotlarga ulgurishi uchun darslarni ertaroq tark etishi mumkin." Shunday qilib maktabda juda kam vaqt o'tkazardim. Taxminan, shu holatda 3-4 yil haftasiga besh kun mashg'ulotlarga qatnadim. Ertalab soat 09:00da uyni tark etib, soat 14:00gacha jamoa mashg'ulotlariga qo'shilishim shart edi. Mashg'ulot esa kechqurun 18:00da yakunlanardi. Yo'l, va men 22:00—22:30 orasida oilam bilan birgaman", — deb xotirlaydi Salah.

Darhaqiqat, g'ayratga to'lib toshgan Salah atigi 19 yoshida Misr terma jamoasida o'zining debyut uchrashuvini o'tkazdi. Afrika kubogi — 2012ga tayyorgarlik ko'rayotgan misrliklar bir nechta jamoaga qarshi o'rtoqlik o'yinlarini o'tkazdi. Ulardan biri Shveytsariyaning "Bazel" klubiga qarshi o'tib, bellashuvda misrliklar 4:3 hisobida g'alabaga erishadi. O'yinda 2ta gol urib, dubl qayd etgan Muhammad shveycariyalik jamoa egalarini shu darajada hayron qoldirdiki, shuning o'ziyoq uni bir necha kundan so'ng Yevropaga olib kelishlariga yetarli bo'ldi.

*


"Juda qiyin edi. Haqiqatda o'ta yosh paytda boshqa qitaga kelish o'ta mushkul ish edi. Men Misrda o'sdim. Bilganlarim ham Misr haqida edi. Ammo, men Shveytsariya haqida hech narsa bilmasdim, hatto ingliz tilini umuman tushunmasdim. Men qayerdan ovqat olishni ham va eng oddiy narsalarni ham bilmas edim", — deb esga oladi Muhammad.

Oradan 6 yil o'tdi. Hozirda Salahda hammasi o'z o'rnida, aytish lozim bo'lsa — barchasi ajoyib. U "Liverpul"ning bosh yulduzi, tilni o'rgandi, haftasiga 100 ming funt oladi. Bularning hammasi kambag'al bolalik xotiralarini va Qohiraga borish uchun bir necha soat ketgan paytlarni unutishga etadi.
Lekin unda bunday narsa yo'q. Salah katta miqdordagi pullarning paydo bo'lishiga, Misr va o'zi tug'ilib o'sgan qishlog'ining oyoqqa turib olishi uchun berilgan yaxshigina imkoniyat deb qaradi.

Muhammad Salah — ulkan qalb sohibi

Quyidagi bir nechta holat uning katta qalb egasi ekanligini isbotlaydi.

O'g'rini kechirdi va villadan voz kechdi

Bir marta Salah o'zining eng sevimli inglizcha so'zi "Love" (Sevgi) ekanligini aytgan. Va, albatta, u aldamagan. U atrofidagilarga hurmat ko'rsatadigan va har doim mehribon bo'lishga intiladigan yarim mifologik qahramonga o'xshaydi.

Salah 2017 yilning noyabrida terma jamoa safida Kongoga qarshi o'tgan (2-1) uchrashuvda dubl qayd etib, Misrning Rossiyada bo'lib o'tadigan JCHga borishini taminlagan kechada uning uyini o'g'ri ship-shiydon qilib ketadi.

*


Oradan bir necha kun o'tib jinoyatchi topiladi va hibsga olinadi. Salahning otasi esa sudga ariza beradi. O'g'ilning bu holatga munosabati esa hamma uchun birdek kutilmagan hol bo'lib chiqdi. U darhol bu davolardan voz kechishni so'radi, o'g'ri bilan uchrashdi, unga pul berib, qo'shimchasiga ish topishga yordam ham berdi. Hattoki, aybdor buni oqlolmagan taqdirda ham, Salah uning uchun eng muhimini qila oldi: u insonga imkoniyat taqdim etdi.

Ushbu ajoyib hodisa boshqa shovqinli voqeaning fonida sodir bo'ldi. Misrlik ishbilarmon Mamduh Abbos terma jamoa JCHga chiqqanidan qattiq quvonib, Salahga hashamatli villa sovg'a qilishni xohlab qoladi. Salahda faqatgina yangi uyni ekskursiya qilish uchun bir kunni tanlash qolgandi. Biroq, Muhammad buni darhol rad qildi. U Abbosga agar uni xursand qilishni istasa, shunchaki, Narig qishlog'ini rivojlantirish uchun pul ajratishi mumkinligini bildirdi.

U maktablar quradi, yosh misrliklarga oila qurishi uchun yordam beradi

Salah o'zining jonajon qishlog'i uchun qayg'uradi. U pul o'tkazmalari bilan chegaralanib qolmaydi, balki u erda maktab, yopiq futbol maydoni qurib, sport zali uchun uskunalar sotib oldi.

Qishloq rahbari undan cheksiz minnatdor. "Salah nafaqat qishlog'imizni jahon xaritasida qayd etdi, shuningdek, u yana qishloq rivoji uchun pul bermoqda. U Baziun kasalxonasiga ventilyatsiyali xona, dori-darmonlar va tez tibbiy yordam mashinasi uchun pul hayriya qildi", — deydi qishloq rahbari Maxer Shetiya.

*


Salah, shuningdek, yosh juftliklarga oila qurishi uchun pul ajratib yordam ham ko'rsatib kelyapti.

Salah Nagrigga juda ko'p kelib turadi. "U har Ramazonda uchib keladi va bolalarga sovg'alar ulashadi. Qaytishi bilan hech qanday istisnosiz u odamlarga avtograf beradi, ular bilan suratga tushadi. Bolalikdan buyon u hech ham o'zgarmagan", — deb hikoya qiladi uning bolalikdagi do'sti Basyuni.

Qishloqdoshlari uchun cheksiz g'amxo'rligi sabab, hozirning o'zida u erdagi maktab va yangi barpo etilgan Yoshlar markazi Muhammad nomi bilan atalmoqda.

Misr valyutasini qutqarib, futbol faxriylariga yordam beradi

2017-yil so'ngida Salah yana ikkita esda qolarli ishni amalga oshirdi. Dastavval, rasmiylar xorijiy valyutani qo'llab-quvvatlashga muhtojligini tan olganlarida (uning defitsiti mamlakatning asosiy iqtisodiy muammolaridan biri hisoblanadi) Salah birinchilardan davlatga 210 ming funt sterling berib, Misr funtini qutqarib qoldi.

*


Muhammadning keyingi qilgan ishi Misr futbol faxriylar assotsiatsiyasi hisob raqamiga 27 ming funt o'tkazib berishi bo'ldi. U bu bilan jiddiy moliyaviy muammolarga duch kelgan sobiq futbolchilarni qo'llab-quvvatlaydi. Salahning pullari oylik daromadi 400 Misr funtidan (22 dollar atrofida) oshmaydigan 120ta oilaga yordam beradi. Misrda o'rtacha maosh 2900 Misr funtni tashkil etadi.

Salahning Yaqin Sharqda qay darajada muhim o'rin tutishini Oil Field Index Podcasts ko'rsatuvi boshlovchisi Hotam Kadus quyidagicha tushuntiradi: "Salahga biror bir siyosatchi qilolmagan ish — Yaqin Sharqni birlashtirish nasib etdi. Marokashliklar, tunisliklar, saudiyaliklar, kuvaytliklar, ummon va amirliklarning barchasi uning ismi tushirilgan futbolkani istaydi. U 90 millionlik Misr xalqiga umid bermoqda. Bizda jiddiy iqtisodiy muammolar mavjud, deyarli har hafta terroristik hujumlar bo'ladi. Salah esa aholini qo'llab-quvvatlaydigan va ularga umid baxsh etadigan yagona shaxsdir. "Liverpul" o'ynagan vaqtda Qohiradagi har qanday kafega qarang — bu ajoyib! Ikki soat davomida u xalqni birlashtiradi va atrofdagi barcha dahshatlar haqida unutamiz".

*


Pul va shuhrat ko'pincha ziyon keltiradi. Ammo, dunyoda bu haqda hech narsa bilmaydigan kamida bitta odam bor...

Sports.ru saytidan Asror Abdunazarov tarjimasi
Teglar : Muhammad Salah | |
Manba : championat.asia
Qo`shdi: I Liverpool
Ko`rildi: 1462 Marta

Ma'lumot:

» Hozir saytda: 27
» Foydalanuvchilar: 0
» Mexmonlar: 27

Bugun kirgan barcha foydalanuvchilar
Statok.netwaplog