Bosh saxifa Kirish A`zo bo`lish
Tavsiya Etamiz!

«Klopp paradoksi» yoxud «Manchester Siti»ning qanday tiz cho'ktirilgani haqida

18 yan 2018, 20:09
Yurgen Klopp Pep Gvardiolaning «Manchester Siti»si ustidan g'alaba qozonish formulasini o'ylab topgani yo'q.
Ha, Klopp bu jamoaga qarshi o'tgan to'rt o'yinning uchtasida g'alaba qozondi. Ha, umuman futbolda Pep Gvardiola jamoalari ustidan eng ko'p g'alaba qozongan murabbiy ham aynan Kloppdir. Qo'shilaman. Lekin ayni shu faktlarning o'zi mening fikrimni ham isbotlay oladi - Yurgen Klopp Gvardiolaga qarshi qandaydir uslub o'ylab topmadi, aksincha, Yurgen Kloppning o'z jamoalarida targ'ib qiladigan futbol Gvardiola jamoalari uchun eng noqulayi hisoblanadi. Shu xolos.
*


O'tgan yili «Manchester Yunayted» «Old Trafford»da «Chelsi» ustidan ishonchli g'alaba qozonganda, «Uch ochko» degan maqola yozgandim. O'shanda Mourino alohida o'yin uchun alohida taktika tanlagan, o'sha o'yingacha o'zi rivojlantirib kelgan yo'nalishdan voz kechib, raqibini tor-mor etgandi. O'shanda men bu g'alabaning «MYu» borayotgan yo'l uchun umuman foydasi yo'qligini, Mourino baribir keyingi o'yinlarda bunday o'ynamasligini aytib, uch ochkodan boshqa naf yo'qligiga etibor qaratgandim.

Bugungi holatimiz biroz aksincha bo'lsa-da, «Manchester Siti» ustidan qozonilgan g'alaba «Liverpul» uchun shunchaki uch ochkoligini aytaman. Yo'q, Klopp alohida taktika tanlagani uchun emas, bu o'yinda jamoa g'alaba qozonadimi, yo'qmi, qati nazar, «Liverpul» oldin ham shunday o'ynagan, keyin ham shunday o'ynaydi. Natija hech narsani isbotlamadi, shunchaki, futbolchilar shu paytgacha bajarib kelgan ishlarini saviyaliroq raqib qarshisida amalga oshira oldilar xolos. Qaysidir manoda, «Siti»ning o'tgan yili EChLda «Barselona» ustidan qozongan g'alabasini eslatib yubordi. Jamoaning o'ziga bo'lgan ishonchi oshdi, bunday o'yin bilan har qanday raqibni yuta olamiz, deya olishdi. Ishonavering, Klopp allaqachon bunga ishonardi, demak, yakshanba kuni hech qanday burilish nuqtasi yoki chorrahada turmagandik, har ikki murabbiy o'zining tekis yo'lidan bordi va ketaveradi.

Germaniyalik murabbiy o'z raqibiga mos ravishda taktika tanlab, o'sha qopqon asosida alohida o'yinlarni g'alaba qozonadigan murabbiylar sirasiga kirmaydi. U holda, Gvardiola raqibining qanday to'siqlar yaratishi mumkinligiga aqli etar va u ham bir nimalar o'ylab topishga harakat qilardi. Yo'q, yakshanba oqshomida biz shaxmat o'yini yoki strategiyalar to'qnashuvini emas, doim futbolni targ'ib qiladigan va doim o'z yo'nalishidan voz kechmay, raqibini o'z uslubida mag'lub etishga odatlangan ikki murabbiyning futbol maydonidagi futbol bahsini ko'rdik xolos. Ammo shu o'yin bir qator savollarga javob berish bilan birga, yangi savollarni ham keltirib chiqardi.

Gvardiola nega mag'lubiyatni kutgandi?

Nihoyat «Manchester Siti» mag'lubiyatga uchradi. Ura!
*


Pep Gvardiola mavsum boshidan buyon, aniqrog'i, «Manchester Siti» ajoyib seriyalarni namoyish etib, taxtga chiqib olgan kundanoq, jamoasining bir kun yutqazishini kutib yashadi, desak mubolag'a bo'lmasa kerak. U bu haqida faqat o'ylabgina qolmasdan, tinmay gapirib ham keldi - matbuotda, intervyularda, balki mashg'ulotlar paytida. Nega?

Tasavvur qiling, «Manchester Siti» doim yutyapti va Gvardiola nihoyat o'z ideal jamoasini qurganini, har bir o'yinda g'alaba qozonishga urinib, balki «Arsenal»ning o'sha mashhur seriyasini takrorlashi haqida aytsa...Unda nima bo'lardi? Qachondir, qaysidir mag'lubiyat sodir bo'lar va futbolchilarga o'sha mag'lubiyat juda og'ir tasir qilardi. Nahotki, bizni yutadigan jamoa topildi? Nahotki, endi qiynalishni boshlaymiz? Nahotki, ideal jamoa emasmiz?

Bunday savollar tabiiy ravishda sodir bo'lar va Gvardiola jamoalari uchun eng muhim jihat - futbolchi va murabbiy o'rtasidagi o'zaro ishonch, ximiyaga putur etardi. Gvardiola doim bo'lajak mag'lubiyat haqida gapirar ekan, aynan shunday holatning paydo bo'lishidan xavfsirar, jamoasini hamma maqtasa ham, u sokin qolar, hammasi jarayonga bog'liq ekanini takidlashdan charchamayotgandi. Endichi? «Ha, yutqazdik, bu tabiiy-ku, murabbiyimiz ham bir kun yutqazishimiz mumkinligini aytib keladi, ertaga yutamiz, nichevo», deb o'yladi o'sha oqshomda Kevin De Bryuyne

Mag'lubiyat haqida gapirayotganda, Gvardiolani doim masalaning ruhiy tomoni xavotirga solgani shubhasiz. Murabbiy va mutaxassis sifatida bir jamoani yutish mumkin bo'lgan o'lmas formula yo'qligini juda yaxshi biladi Gvardiola. Yani, ana endi boshqa jamoalar ham shu uslubda «Manchester Siti»ga qarshilik ko'rsataveradi, deyish biroz noo'rin.

Klopp nega Pep ustidan buncha ko'p g'alaba qozongan?

O'z-o'zidan keyingi savolga kelamiz. Rostan ham shundaymi?

*


Yuqorida aytganimdek, Klopp alohida bir taktika yoki uslub ishlab chiqmadi, shunchaki, uning jamoalari ko'rsatadigan o'yin Gvardiolaga biroz noqulay.
Biz masalan, eski «Barselona» yoki «Bavariya» haqida gapirganimizda ham, Gvardiola to'pni ko'proq nazorat qilishi, demak ko'pchilik bo'lib himoyalanish orqali, qarshi hujumlarga tayanish, aniqrog'i, Joze Mourino yoki Antonio Kontening uslubini tanlash foydaliroq deb o'rganib qolganmiz. Hatto o'sha mashhur «Barselona»ning mag'lubiyatlari haqida eslaganimizda, Jozening «Inter»i yoki Di Matteoning «Chelsi»si yodga keladi. Ammo qarang, «Barselona»ga qarshi xuddi shunday taktika tanlagan juda ko'p jamoalar yakunda mag'lubiyatga uchrashgan, ularni eslamaymiz, to'g'rimi? Hatto o'sha Mourinoning o'zi ham Pepga eng ko'p yutqazgan murabbiylardan biridir.

O'yindan oldin Kloppning o'zi ham himoyaga o'tib olish «Manchester Siti» bilan o'yinda «lotereya o'ynash» ekanini takidlagandi. Yani, «Siti» «avtobus»ga qarshi o'zini suvga tushgan baliqdek his qiladi aslida. O'yinning asosiy qismini raqib jarima maydonida o'tkazsa, De Bryuyne, Silva, Sterling yoki Sane kabi iqtidorli futbolchilar baribir bir nima o'ylab topadilar. «Lotereya o'ynash» deganda aynan shu jihat etiborga olingan - «Siti»ga qarshi bunday o'yinda g'alaba qozonish ularning o'z vaziyatlaridan foydalanish yoki foydalanmasliklariga tayanib qoladi. Yani, nazorat to'liq Pep jamoasida bo'ladi. Balki Pike santimetrli ofsaydda qolar («Inter»ni eslang), balki Messi penaltini urolmas («Chelsi»ni eslang) - yani o'sha o'yinlarda ham mag'lubiyat sTsenariysidagi bosh qahramonlar Pep jamoasidan bo'lgandi.

Klopp esa, o'z qahramonlari bilan g'alaba qozonishga o'rgangan. Juda yuqori pressing, tinimsiz bosim va harakat, tezkorlik va eng muhimi - qo'rqmaslik. Kloppning kechagi va oldingi g'alabalarining omili shu, raqib «Manchester Siti»mi yoki «Spartak»mi, farqi yo'q.

Bu namuna boshqa jamoalarga ham qo'l kelishi mumkinmi?

Yani, hammasi bu qadar oddiy ekan, jismoniy tomondan yanada etukroq bo'lgan bazi APL jamoalari «Manchester Siti»ni engishga yanada yaqinroq emasmilar? Bu o'yin APLdagi bu mavsumni «Manchester Siti»ning mag'lubiyatidan oldingi va keyingi eralarga bo'lib yubormaydimi?

Masalan, «Byornli» yoki «Vest Hem»? Yo'q.

«Manchester Siti»ga qarshi xuddi «Liverpul» kabi o'ynash mumkin albatta. Ammo ijobiy natijaga erishish uchun futbolchilarning saviyasi juda muhim omildir. Murabbiy ko'rsatmalarini to'g'ri bajarish, ayniqsa, imkoniyatlardan unumli foydalanish uchun ijrochilarning saviyasi katta ahamiyat kasb etadi.

Masalan, «Liverpul» bu o'yinda juda yuqori pressing namoyish etdi. Gvardiolada bunga qarshi qurol bormi? Bor, albatta. «Tottenhem» bilan o'yinni eslash kifoya - qanot himoyachilari imkon qadar yuqoriroqqa joylashtiriladi, natijada, hujumchilar ham biroz orqaroqda o'ynashga majbur qilinadi. Lekin Gvardiola kecha bu yo'ldan borishdan qo'rqdi, chunki Saloh va Mane kabi o'ta tezkor futbolchilar «Siti» maydonida paydo bo'ladigan katta bo'shliqdan foydalanishlari mumkin edi. Gvardiola bu xavf tufayli Uolkerni ham, Daniloni ham o'z darvozasiga yaqinroq joyda ushlashga majbur bo'ldi. Natijada, «Liverpul»da raqib darvozasiga yaqin hududda pressing qilishga imkoniyat yaratildi. Ikki gol shunday pressing natijasida yuzaga kelganini unutmang.

*


Shartli «Byornli» yoki «Uotford» bilan Gvardiola o'z himoyasini yuqoriga joylashtirish orqali bu pressingdan qutula olardi - raqib futbolchilarining saviyasi (yoki jismoniy holati, uslubi) bu qadar katta hududdan oqilona foydalanish uchun etmasdi baribir.

Yani, «Manchester Siti»ning ojiz nuqtalari topildi, endi ularni bundan foydalanib yutish mumkin, deb xulosa qilish mumkin emas. Ojiz nuqtalar albatta bor, lekin undan foydalanish uchun juda katta kuch va saviya (omad ham) kerak bo'ladiki, Premer Liganing hamma jamoalarida ham, har doim ham topilavermaydi.

Koutino effekti yoxud endi nima o'zgaradi?

Xo'sh, endi «Liverpul» hammani yutib tashlayveradimi?

*


Koutinoning safda bo'lishi Kloppning kechagi o'yin uchun tanlaydigan tarkibiga tasir ko'rsata olarmidi, yo'qmi, aytish qiyin. O'yin tugagach, xulosa qilish mumkinki, Koutinoning yo'qligi aynan kechagi o'yin uchun ayni muddao bo'ldi. Manening tezkorligi yoki Oksleyd-Chemberleynning jismoniy kuchini Koutinodan topa olmasdik. Shu bilan birga, «Liverpul» Koutinosiz ham kuchli bo'lib qolaverar ekan, va hatto yanada kuchliroq bo'lar ekan deyish ham to'g'ri bo'lmaydi.

«Liverpul» doim ham «Manchester Siti» bilan o'ynamaydi. Ligadagi juda ko'p raqiblar «Liverpul»ga qarshi ko'pchilik bo'lib himoyalanishni, o'z jarima maydoni yaqinida songa urg'u berishni tanlaydi. Boshqa jamoalarga qarshi ochiq zonalarga qochib ketish oson emas. Boshqa jamoalardan yuqori pressing bilan to'pni egallash ham qiyin - «Borntmut» himoyachisi to'pni himoyachi sherigiga oshirishdan ko'ra, imkon qadar uzoqlarga tepib yuborishni afzal biladi. «Liverpul»ning kechagi 2 goli aynan «Siti» himoyachilarining toza o'ynashga bo'lgan harakatlari oqibatida urildi. Boshqa jamoa himoyachilariga «toza o'ynash» vazifasi qo'yilmaydi.

«Liverpul» APLda atigi 2 o'yinda mag'lubiyatga uchragan. «Tottenhem» va «Siti»ga qarshi safar o'yinlarida. Ammo peshqadamdan bu qadar orqada qolayotganligi sababi, o'sha «Everton», «Vest Bromvich», «Byornli», «Nyukasl», ha mayli «Manchester Yunayted» bilan duranglar. O'sha o'yinlarda «Liverpul»ning, umuman Klopp uslubining eng katta kamchiligi ko'zga tashlangan - son jihatidan ko'p va zich bo'lgan himoyani yorib o'ta olmaslik.

«Manchester Siti» ustidan g'alaba bormi yoki yo'qmi, jamoaning bu muammosi qolaveradi. Hatto aksincha, «Liverpul»ning endi haqiqiy manoda peshqadamlardan biriga aylangani raqibni yanada o'z jarima maydoniga qamaydi. Bunday vaziyatlarda bir pas yoki zarba bilan vaziyatni hal qilish imkoniyat eng yuqori bo'lgan Koutino esa, endi yo'q.

«Manchester Siti»ga nima pand berdi?

*


Agar Agueroning zarbasi o'xshab qolganida, «Siti»ning qahramonligi haqida ham, «Liverpul»ning eski odatlari haqida ham ko'p yozilardi, to'g'ri. Ammo o'yinning qaysidir pallasida hisobning 1:4 ga aylanishi albatta, «Siti»ning muammolarga duch kelganini anglatadi. Ikkinchi bo'lim boshlarida go'yoki, vaziyatni qo'lga olayotgandek ko'rinayotgan va o'sha engilmas jamoani eslatayotgan Gvardiola shogirdlari bir necha daqiqada hammasini ostin-ustun qilib yuborishdi. Sabab? Charchoqmi?

Ha. «Manchester Siti» so'nggi 43 kunda 13 o'yinda maydonga tushdi. Har bir o'yinga deyarli 3 kundan va shu davr ichida «Siti» faqat bir marta olti kunlik tanaffusga ega bo'ldi xolos.

«Liverpul» Liga kubogidan chiqib ketgan, shuning uchun mana shu davrda «Siti»dan 2 o'yin kam o'tkazdi.

Ahamiyatlisi bu ham emas. O'sha Liga kubogida qatnashayotgan uch APL klubidan boshqa hamma jamoa 8-9 kunlik tanaffusga ega bo'ldi. Qo'yi liga vakillariga qarshi to'p surgan klublar uchun esa, bu «dam» yanada ko'proq («Manchester Siti» Angliya kubogida ham APL vakili «Byornli»ga qarshi o'ynaganini etirof etish kerak) davom etdi. Endi shu Liga kubogi yarim finalchilarining so'nggi turdagi o'yiniga etibor bering:

«Chelsi» o'z maydonida «Lester»ga qarshi umuman hech narsa qila olmadi va o'yin 0:0 hisobida tugadi. Hatto mehmonlar himoyachisi qizil kartochka olib maydonni tark etguncha, «Lester» tashabbusga ega bo'layotgandi.

«Arsenal» o'z tarixida ilk bor «Bornmut»ga imkoniyatni boy berdi. Hisobda chiqib olgan «to'pchilar» ustunlikni saqlab turishga o'zlarida kuch topa olmadilar. Aynan kuch etishmadi.

Uzoq davom etgan Liga o'yinlari, terma jamoa yig'inlari, «Boksing dey»lardan so'ng, nafasni rostlab olish imkonining bo'lmagani, har qanday jamoa o'yiniga salbiy tasir ko'rsatishi tabiiy. O'tgan yili Liga kubogi yarim finaliga chiqib, boshqalardan ikki o'yin ko'p o'tkazgan «Manchester Yunayted» va «Liverpul» ham buning natijasida yanvardagi juda ko'p o'yinlarda ochko yo'qotib yuborganliklarini eslash mumkin.

Bunday vaziyatda, 8 kun dam olgan va juda yuqori motivaTsiya bilan maydonga tushgan «Liverpul» qarshiligini engish oson emasdi. «Siti»ning vazifasi «Arsenal» yoki «Chelsi»nikidan ham og'irroq edi.

Bundan tashqari, «Manchester Siti» taqibchilardan 15 ochko ilgarilab ketgani, «Liverpul» esa, kuchli to'rtlik uchun kurashning avj pallasida ekanini ham takidlash lozim.

Xo'sh?

Aytish mumkinki, agar mag'lubiyat juda zarur bo'lsa, Pep Gvardiola jamoasi ayni vaqtida yutqazdi. Bu mag'lubiyat jamoaga, ayniqsa, Chempionlar Ligasida tajriba o'laroq yaxshi foyda keltirishi mumkin. Zero, futbolchilar alohida o'yinlarda raqib ularni shu ko'yga solib qo'yishlari mumkinligini o'z tanalarida his qildilar.

«Liverpul» haqidachi?

Yurgen Klopp o'yindan keyin «bu o'yin yana 20 yillar muxlislar yodidan chiqmasligi»ni alohida takidlab o'tdi. Balkim. Zero aynan «Liverpul» ishtirokidagi juda ko'p o'yinlar hali hamon yodimizda. «Arsenal» yoki «Chelsi» bilan 4:4 duranglar, o'sha «Istanbul oqshomi»...
Qizig'-a, paradoks shundaki, Yurgen Kloppning o'zi aslida, bunday o'yinlarni muxlislarga unuttirishi, nihoyat sovrinlar yutish orqali, «Liverpul»ni faqat ayrim, alohida uchrashuvlar orqali yodga olmasligimizga sabab bo'lishi kerak... Nima dedingiz?

Qahramon Aslanov
Teglar : Mulohaza | |
Manba : Liverpul.uz
Qo`shdi: FoReVeR_LFC
Ko`rildi: 1441 Marta

Ma'lumot:

» Hozir saytda: 63
» Foydalanuvchilar: 3
» Mexmonlar: 60

Bugun kirgan barcha foydalanuvchilar
Statok.netwaplog