Bosh saxifa Kirish A`zo bo`lish
Tavsiya Etamiz!

"Xatto bir yil 150 kunni samolyotda o'tkazganman". Muhammad Salahni topgan skautning ish faoliyatiga

19 yan 2018, 19:03
SHveycariyaning "Bazel" klubidagi asosiy shaxs mana 15 yildirki o'zgarmaydi.
O'yinchilar, murabbiylar, hatto klub prezidentlari ham keladi-ketadi, biroq Rudi Zbinden mana bir necha yildirki klubning bosh skauti bo'lib ishlashda davom etmoqda. Uning kun tartibi oddiydek ko'rinadi: har kuni jamoa qiziqishlari doirasiga tushib qolgan ikki-uch futbolchining to'liq o'yinlarini erinmay ko'radi.

Aynan uning ishbilarmonligi hamda futbol falsafasi tufayli "Bazel" har yili o'zining eng yaxshi futbolchilaridan voz kegan taqdirda ham, hamon SHveycariyaning eng kuchli klubi bo'lib kelmoqda va ketganlar o'rnini ustamonlik bilan to'ldira olyapti. Agar "Ayaks" asosan o'z tarbiyalanuvchilarini sotib kun ko'radi desak, "Bazel" sal boshqacha yo'lni tanlagan: yani arzonga olib - qimmatga sotish.

Klubdagi bu tizim bir necha yildan beri o'zgargani yo'q. Transfer oynasi ochilgan paytda "Bazel" olti nafar futbolchisini sotishga to'g'ri kelgan bo'lsa ham, bu jamoa uchun qattiq zarba bo'lmadi. CHunki Rudi Zbinden boshchiligidagi skautlar guruhi ketayotgan har bir futbolchi o'rniga darhol uchta nomzodni topib qo'ygan bo'lishadi.

Masalan, klub Muhammad Elnenini "Arsenal"ga sotmoqchi bo'lib turganida darhol o'rniga "Norrchyopping" degan jamoadan Aleksandr Franssonni xarid qilishga tayyor turgandi. Darvoqe, Elneni 600 ming frankka sotib olingan va 13 millionga pullangan. Bunday futbolchilar talaygina Samuel Inkum (800 mingga xarid qilingan - 8 mln.ga sotilgan), Felipe Kaysedo (500 mingga xarid qilingan - 7 mln.ga sotilgan), Aleksandr Dragovich (1 mln.ga xarid qilingan - 11 mln.ga sotilgan) va hokazo.
Lekin bu o'rinda Rudi Zbindenning asosiy kashfiyoti haqida alohida gapirib o'tmasak bo'lmaydi. Bu misrlik yorqin iqtidor egasi - Muhamad Salah. Salahning "Liverpul"da qanday mazmunli o'yin namoyish etayotganini hamma ko'rib turibdi. Aslida Elneni jamoada o'ynab turgan Salahga yordam bersin, har holda ular bir tilda gaplashadi degan niyatda olingandi. Lekin shunday bo'ldiki, klub Elnenini qimmatroqqa pulladi. Ammo Salah undan ham qimmatga sotildi: 22 million.
Ayni paytda Marko SHtreller "Bazel" sport direktori bo'lib faoliyat yuritmoqda. Muxlislar uning o'z vaqtida yaxshi hujumchi bo'lganini bilishadi. Qizig'i shundaki, SHtrellerni ham bir paytlar Rudi Zbindenning o'zi topgan, o'shanda yosh bolakay qaysidir quyi ligada o'ynab yurardi.
Rudi Zbindenning klubda ishlay boshlaganiga qariyb 20 yil bo'lib qoldi. U o'z ish uslubi haqida shunday deydi:

- "1999 yil men SHveycariya bo'ylab "Bazel"ning raqiblarini kuzata boshladim. O'z kuzatuvlarim natijasida shunga amin bo'ldimki, biror futbolchini chuqur o'rganish uchun uning video roliklarini ko'rish etarli bo'lmas ekan. SHu bois men 2002 yilda bu tizimdan voz kechishga qaror qildim".
- "Bizning falsafamiz aniq. Klub bosh murabbiyi bizda futbolchi topish bilan shug'ullanmaydi. Bosh murabbiy shartnomaga qo'l qo'yayotganda biz topgan futbolchilar bilan ishlashiga to'g'ri kelishini biladi. Albatta, bu murabbiy biz o'tkazadigan muhokamalarda qatnashmaydi degani emas. Jamoaga qanday o'yinchi kerak, ular qaysi millatdan bo'lishi lozim, bu haqda murabbiyning fikrlariga ham quloq solamiz. Bazan murabbiy xohlamagan o'yinchini sotib olmasligimiz ham mumkin, lekin ko'p hollarda jamoaga yangi futbolchi topish bilan skautlar bo'limi shug'ullanadi".

- "Savol tug'ilishi mumkin: nega murabbiy skauting ishlariga aralashishini xohlamaymiz? Javobi shundaki, klub odatda yangi o'yinchilar bilan 4-5 yilga mo'ljallangan shartnoma tuzadi, murabbiyni esa natija bo'lmay qolsa ertagayoq ishdan bo'shatib yuborishlari mumkin. Boshqacha aytganda, murabbiy ketadi, lekin futbolchilar qoladi. SHunday ekan, doim murabbiy aytgan futbolchilarni olib kelgandan ne foyda?"

- "Bizga tayyor va birmuncha tajribali o'yinchilar kerak. CHunki klub oldiga yuqori maqsadlar qo'yilgan. SHu bois etiborni ko'proq chetdan futbolchi olib kelishga qaratamiz. SHuningdek, biz transfer bozorida qimmat bo'lmagan o'yinchilarni qidiramiz. "Bazel"ga kelganlar biladiki ular bu erda uzoq qolishmaydi va tez orada mo'maygina summaga sotamiz".

Ha, "Bazel"ning transfer siyosati o'ziga xos. Klub mashhur bo'lish istagida yurgan, tezroq tanilib Evropaning kuchli klublariga o'tishni xohlayotgan yaxshi va yosh futbolchilarni qidiradi. Futbolchi bu jamoada o'ynab o'zini ko'rsatdi deylik, u boshqa klubga o'tishni xohlasa, rahbariyat shu zahoti uning transfer ishlarini boshlab yuboradi. Yani, o'yinchini majburlab olib o'tirish bu klub uchun begona. Agar qolish niyatida bo'lsa, bu ham zarar qilmaydi.
Evropada nom chiqargan futbol skauti Rudi Zbinden o'zi yo'l qo'ygan xatolarni tan oladi va bu haqda gapirishdan qochmaydi:

- "Video yoki televideniening xizmatlaridan foydalanish kerak, biroq o'yinchini stadionga borib kuzatishga nima etsin. Men qachonki futbolchini o'z ko'zim bilan ko'rsamgina u haqda keng tasavvurga ega bo'laman. Kerak bo'lsa, uning mashg'ulotlarda qanday ishlayotganini kuzatishdan zerikmayman".

- "Ish bor joyda xato bo'ladi. O'z vaqtida men ham xatoga yo'l qo'yganman. Masalan, "Atletiko Kolon"dan Sesar Karinyano degan futbolchini sotib olgandik. U "Bazel" tarixidagi eng qimmat transfer bo'lgan. Sesar juda iqtidorli futbolchi edi, lekin bizning urf-odatlarga ko'nika olmadi. U Argentinada zo'r o'ynardi, ammo SHveycariyaga kelib o'yini chiqmadi".

Rudi Zbindenning aytishicha, u "Bazel"da ish boshlaganidani beri to shu paytgacha taxminan 2000 nafar futbolchini kuzatgan. O'z vaqtida klubda ishlab ketgan sobiq menejer Georg Xaytc bir gal qiziq voqeani so'zlab bergandi. Klub rahbariyatiga bitta tunislik futbolchi yoqib qoladi. Keyin ular uni kuzatishi uchun Zbindenni o'yinga yuborishadi. Tunislik yaxshi harakat qiladi-yu, lekin o'yindan oldingi chigalyozdi mashg'ulot paytida butsalarining ipini mahkam bog'lamasdan maydonga chiqadi. Keyin u yana bitta o'yinini kuzatadi, biroq futbolchi yana o'sha ishini takrorlaydi: iplarni mahkam bog'lamaydi. Natijada skaut uni sotib olish fikridan qaytadi.
Rudi Zbinden uchun futbolchining muomala madaniyati katta ahamiyat kasb etadi. Masalan, Elneni Salah zerikib qolmasligi uchun sotib olinganini yuqorida aytdik. Janubiy amerikaliklar zerikib qolmasligi uchun tajribali Matias Delgado qo'lga kirtilgan. Argentinalik futbolchi atigi bir million frankka sotib olingandi, biroq shunday bo'ldiki, u yakunda jamoa 270 o'yinda maydonga tushib, gol+pas tizimi bo'yicha 153 ochkoni qo'lga kiritdi.

- "Delgadoni ko'rish uchun atayin Argentinaga borgandim, - deya eslaydi Zbinden. - O'sha o'yinda u ko'p xato qildi, yaxshi to'p oshira olmadi. Biroq bir vaziyatda maydon markazidan jarima maydonchasi tomon shunaqa aniq pas berdiki, ichim shuv etib ketdi. Bu o'yinchini darhol olishimiz kerak, dedim ichimda. Keyinchalik uning yana uchta o'yinini kuzatib, yakunda qo'lga kiritdik".

- "Hozir Janubiy Amerika bo'ylab ishlayotgan o'z xodimimizga egamiz. U U-15 dan U-21 gacha bo'ladigan ko'plab musobaqalarni kuzatib boradi va biz uchun futbolchi axtaradi. Endilikda ko'pchilik yoshlar tushunib etdi: Evropa futboliga qadam qo'yish "Bazel" orqali amalga oshishini".
Ammo "Bazel" ishlayotgani bilan boshqalar ham qarab turgani yo'q. Raqobat kuchaygandan kuchaymoqda. Bu haqda futbol skauti shunday deydi:

- "Oldin Janubiy Amerika bo'yicha ishlash birmuncha osonroq edi. Endi bo'lsa, boshqa klublar ham harakatga tushib qolishdi va ular yosh iqtidorlarni to'g'ridan-to'g'ri o'z saflariga olib ketishyapti. SHunday bo'ladiki, bazan bizga non tegmay qoladi. Qolaversa, har yili moliyaviy muammolarga duch kelamiz. Pul yo'qligidan 30 yoshli Daniel Maystrovich bilan 5 million evro evaziga uch yillik shartnoma tuza olmadik".

- "CHiroyli o'ynash bilan birga natija ko'rsatishni faqat Gvardiola davridagi "Barselona" eplay oldi. Lekin biz "Barsa"dek o'ynay olmaymiz, chunki tomoshabop futbol ko'rsatamiz deb beshinchi-oltinchi o'ringa tushib ketishimiz mumkin. Rahbariyat, homiylar, muxlislar esa bizdan faqat chempionlikni kutadi, shu bois hammasini bir paytda bajarish mushkul".

- "Endi ish boshlaganimda davlatlar bo'ylab ko'p uchishimga to'g'ri kelardi. Hatto bir yil 150 kunni samolyotda o'tkazganman, yana bir gal esa o'n kun ichida uch marta Islandiyaga borib kelganman. Endilikda jahon futbolida oson bozorning o'zi qolmadi. Yaxshi o'yinchini topish uchun yanada ko'p yurishga to'g'ri kelyapti. Qolaversa, tez qaror qabul qilishing kerak, o'ylanib o'tirsang yoningdagi futbolchini shartta boshqasi ilib ketishi hech gapmas".

Lekin baribir Rudi Zbindenni o'z ishining ustasi deya olamiz. U Cyurixdan mashinada borsa atigi 15 daqiqa uzoqlikdagi Vintertur shahriga borib shu nom bilan ataladigan jamoadan Manuel Akanji degan markaziy himoyachini olib kelgandi. 2015 yil "Bazel" 19 yoshli o'spirinni 800 ming frankka sotib olgandi, endi bo'lsa bu o'yinchi 25 million frank evaziga Dortmundning "Borussiya" klubiga o'tyapti. Lekin doimgidek, ketadigan futbolchi o'rniga Rudi Zbindenda uchta variant bor, faqat kimligini aytmayapti xolos.

X.Xoliqov tayyorladi.

Teglar : Maqola | |
Manba : Liverpul.uz
Qo`shdi: FoReVeR_LFC
Ko`rildi: 1020 Marta

Ma'lumot:

» Hozir saytda: 48
» Foydalanuvchilar: 5
» Mexmonlar: 43

Bugun kirgan barcha foydalanuvchilar
Statok.netwaplog