Bosh saxifa Kirish A`zo bo`lish
Tavsiya Etamiz!

Muhammad Salah Marca nashriga intervyu berdi

24 fev 2018, 11:10
"Liverpul" futbolchisi Muhammad Salah kuni kecha ispaniyaning Marca nashriga intervyu berdi. Intervyu jarayonida ispaniyalik muxbirlar futbolchidan turli masalalar yuzasidan savollar berishdi. O‘z navbatida, Muhammad ham ularga javob berdi. Intervyuni e’tiboringizga havola etamiz.

• Hozir faoliyatingizdagi eng yaxshi davrmi?

— O‘ylashimcha, ungacha hali ancha vaqt bor.

• Unda hozir nima yuz bermoqda?

— Mening Angliyadagi dastlabki qadamimdan so‘ng, Premier-liga haqida doim o‘yladim va Rimda ikki yilni o‘tkazgach, yana bu yerga qaytish ajoyib fikr bo‘lib ko‘rindi. Premier-ligani sevaman! O‘tgan mavsum "Roma" tarkibida bir qancha ajoyib o‘yinlar o‘tkazdim, ammo hozir hujumchiman va ko‘proq o‘ynay olaman. Joriy mavsum ko‘plab gollar urdim. Har qanday holda ham doim jamoamga sovrin keltirishga yoki turnir jadvalida yaxshi o‘rin egallashga ko‘maklashishni istayman.

• Bunchalik ko‘p gol kiritganingizdan hayratlanyapsizmi?

— Qayerda o‘ynamayin, doimo gol kiritib kelganman, biroq ushbu yilda tez-tez buni amalga oshiryapman... Bu men uchun syurpriz bo‘ldi deb ayta olmayman.

*


• Siz uchun Yurgen Klopp qanchalik ahamiyatli?

— "Liverpul"ga o‘tish oldidan, u bilan suhbatlashganman. U meni jamoaga tez moslashib ketishimda yordam berdi, shuningdek, maydonda ham.

• Siz chapaqaysiz, o‘ng qanotda o‘ynash qulaymi?

— Bu pozitsiyada o‘zimni juda qulay his etaman. Shuningdek, "o‘ninchi raqam" yoki markaziy hujumchi bo‘lib ham o‘ynashim mumkin, lekin haqiqatdan o‘ng qanotda o‘ynashni ma’qul ko‘raman.

• Nega "Chelsi"da muvaffaqiyatga erishmadingiz?

— Bunga ulgurolmadim, boisi yetarli imkoniyatga ega bo‘lmadim, bir yil o‘ynadim, ammo shunda ham faqatgina 6 oy muntazam amaliyotga ega bo‘ldim. Shundan keyin umuman imkoniyat berilmadi. So‘ng Fiorentinaga, Romaga ketdim va mana yana hozir Angliyaga qaytdim.

• Nega endi "Liverpul"ni tanladingiz?

— Bu ajoyib klub, fantastik futbolchilar mavjud, yaxshi va aqlbovar qilmas jamoa. Angliyaga qaytishni xohladim, "Liverpul"ga o‘tish imkoniyati paydo bo‘lgach juda xursand bo‘ldim. Hozir ham baxtliman.

• "Liverpul"dan tashqari ham sizga qiziqqan jamoalar bo‘ldimi?

— Ha, boshqa klublar ham bor edi, ammo ular bilan bog‘lanishni istamadim. Bu yerga kelishga qaror qildim va o‘ylaymanki, eng maqbul yo‘lni tanladim.

*


• Nimani orzu qilyapsiz?

— Hozir Premier-ligada klubim bilan muhim o‘rinni band qilishni istayman va Jahon Chempionatida terma jamoa bilan guruhdan chiqishni xohlayman. Ayni damda mening maqsadlarim shu, keyingilarini ko‘ramiz.

• Nima deb o‘ylaysiz, Premier-liga to‘purari bo‘la olasizmi? Harri Keyn bilan bellashyapsiz...

— U qoyilmaqom futbolchi, so‘nggi ikki yildagi eng kuchli hujumchi. Keyn "o‘ninchi raqam" nuqtasida harakat qiladi va unda gol kiritish uchun imkoniyat yuqori. Biroq undan ustun kelishni xohlayman, ko‘ramiz, nima bo‘lar ekan...

• Koutinyoni sog‘inyapsizmi?

— Uni doim sog‘inaman. U juda yaxshi yigit, meni do‘stim edi. "Barselona"da unga eng yaxshi bo‘lishni tilayman, chunki u ajoyib va juda yuqori saviyadagi futbolchi. U og‘irbosiq futbolchi. Filippe bilan birga to‘p surganimdan faxrlanaman.

• Siz Afrikaning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldingiz? Bu ulkan faxr?

— Ushbu mukofot bolaligimdagi orzuim, shu sabab bundan faxrlanaman. Doim shu sovrinni yutish istagida ekanligimni aytardim. Bunga erishdim va ajoyib tuyg‘ularni boshdan kechirdim.

• "Oltin to‘p" haqida nima deyish mumkin?

— Futbolda hech qachon biror narsaga ishonch hosil qila olmaysiz... Agar siz "Oltin to‘p"ga ega chiqsangiz - cho‘qqiga erishgan bo‘lasiz. Biroq men ushbu mavsumdagi o‘z maqsadlarimni aytib o‘tdim.

*


• Chempionlar Ligasi, "Portu"... Bu o‘yinlardan nima kutyapsiz?

— Biz ham klub, ham jamoa sifatida 1/8 finalni o‘tkazishimiz juda muhim. Biz buni amalga oshirishimiz lozim.

• To‘qqiz yildan beri "Liverpul" bu musobaqaning chorak finaliga yo‘l olmay kelyapti. Xo‘sh, sizlarda bosim bormi?

— Ortiqcha bosim yo‘q, chunki biz uchun barcha o‘yinlar muhim: Premier-liga, Kubok o‘yinlari, YeChL... Albatta, mazkur musobaqa jamoa uchun ham, muxlislar uchun ham alohida ahamiyat kasb etadi, lekin yigitlar barcha o‘yinlarda 100% kuch bilan o‘ynashmoqda. Bu katta jamoaga qarshi muhim o‘yin bo‘ladi va biz ulardan o‘tish uchun, ulardanda ko‘proq harakat qilishimiz darkor.

• "Liverpul" Chempionlar Ligasini yutishi mumkinmi?

— Men bu gapni ko‘p aytganman - futbolda hamma narsa sodir bo‘lishi mumkin. Har bir o'yinda borimizni beramiz va har bir o'yinda g'alaba qozonishga harakat qilamiz. Bo‘lajak o‘yin oldidan hayajon bor.

• Eshitishimcha, Ronaldo, Zidan va Totti sizning kumiringiz hisoblanar ekan. Zidan ham sizga yuqori baho berdi. Nega aynan bu futbolchilar?

— Ularning bari o‘zgacha va har birining o‘z ustunligi bor edi. Ularning har biriga shunday ta’rif berishim mumkin: "Vau, u shunchaki, aqlbovar qilmas darajada". Ajoyib futbolchilar edi, har bir o‘yinda ularning sehrini his eta olardingiz. Men Totti bilan birga o‘ynaganman, bu mening orzuim edi. Undan ko‘p narsalarni o‘rgandim. O‘z kumirim bilan birga to‘p surganimdan faxrlanaman. Yana kumirlarimdan bir men haqimda gapirishi yoqimli.

• La Ligani kuzatib turasizmi?

— Ha, kuzatib turaman, bir necha o‘yinlarni ko‘rdim. Hammasini ham ko‘rmayman, chunki ularning aksariyati "Liverpul" o‘yini bilan bir vaqtda bo‘lib qoladi. Bu yaxshi chempionat, ajoyib jamoalar jamlangan. Ular jozibali futbol namoyish etishadi.

• U yerda to‘p surishni istarmidingiz? Siz Italiya va Angliya chempionatlaridan o‘ynashga ulgurdingiz...

— Hozir "Liverpul"daman. Butun e’tiborim jamoaga qaratilgan va mavsumni yaxshi yakunlashni istayman.

• Misr terma jamoasi ustozi va davlat prezidenti sizga "Real"dan taklif bo‘lganini aytishdi. Sizga bu qiziqmi?

— Nima deb o‘ylaysiz, nega ular bunday deyishgan ekan? Menga bu haqda hech nima aytishmadi, agar bu masala bo‘yicha biror nima deyishim kerak bo‘lsa, "Liverpul"da baxtliman.
Teglar : Muhammad Salah | Intervyular |
Manba : Marca
Qo`shdi: I Liverpool
Ko`rildi: 1634 Marta

Ma'lumot:

» Hozir saytda: 31
» Foydalanuvchilar: 4
» Mexmonlar: 27

Bugun kirgan barcha foydalanuvchilar
Statok.netwaplog