Bosh saxifa Kirish A`zo bo`lish
Tavsiya Etamiz!

"Qizillar" hikoyalari: Nabi Keyta

14 iyl 2018, 15:29
Juma. Quyoshli kunda Melvuddagi mashg'ulotlar bazasi oldiga kumushrang "Mersedes-Benz Metris" rusumli avtomobil kelib to'xtadi. Shoshilmasdan mashinadan "Nike Air Force"dan oq ko'ylak, "Gucci" dan qora va qizil rang aralash jinsi shim va "Louis Vuitton" dan orqasiga yuk xalta ( рюкзак) osib olgan "Liverpul"ni bu mavsum orasidagi kuchaytirishi kerak bo'lgan inson tushdi. Uni uch kishidan iborat delegatsiya kutib oldi va dastlab jamoaning kiyinish xonasiga olib borishdi. U qayerda o'tirishini ko'rsatishdi, qanday nomerli futbolka kiyishini gapirib berishdi. Suhbat Aleks Oksleyd-Chemberlen kelib qolguncha davom etdi. Aleks biroz horg'in, lekin tabassum ila yangi jamoadoshini bilan ko'rishdi. Nabi hech qachon bunchalik xursand bo'lmagandi.
*

Bolalik yillari

Ko'pchilik afrikalik futbolchilar singari Nabi Keyta ham faoliyati o'z vatanida- Gvineya poytaxti, Konakrida boshlagan. Uning futbol tarixi ko'cha futbolidan boshlangan:
" Biz bolalikda qayerda futbol o'ynash mumkin bo'lsa o'sha joyda o'ynardik, yo'lda ham o'ynardik, avtomobillar o'tib qolsa to'xtab turardik, o'tib ketishi bilan yana o'yinni davom ettirardik. Meni hatto ikki marta mashina bosib ketishiga ham ozgina qolgan".
Lekin, bu holat ham yosh yigitchani futbolga bo'lgan mehridan qaytara olmasdi. Har safar tongda Nabi o'ziga shu savolni berardi:"Bugun futbolni nimada o'ynayman?"
-" Biz futbolni birinchi qo'limizga nima ilsa o'shanda o'ynayverardik, ko'pincha esa yalangayoq o'ynardik. Ayrim paytlari oyoq kiyimda o'ynardik, lekin bu juda eski va kir bo'lardi"- deya hikoya qiladi Nabi.
Biroq futbol ko'chada tugagani bilan, uyda davom etardi. Ota onasi futbolga qarshi emasdilar.
"Menimcha dribling ilish bo'yicha ilk saboqlarni onamdan o'rgangan bo'lsam kerak, chunki u butilkalarni terib qo'yib, orasidan apelsinni olib o'tishimni so'rardi". Ota-onasi Seku va Miriyam qayd qilishicha, Nabining to'pga bo'lgan mehri tug'ilishidanoq boshlangan.

Otamning aytishicha men doim to'pni qarab o'tirishni, yaqinrog'imda bo'lsa unga intilishni yoqtirgan ekan. O'sha paytlari hali yurishni ham boshlamagan paytlarim bo'lgan.
Lekin ota-onam mening maktabda yaxshi o'qishimni, kelajakda o'qimishli bo'lishimni xohlashardi- bu yaxshi kelajak garovi edi. Biroq mening hayolimda futboldan boshqa hech narsa yo'q edi. Ularni ko'p urinishdi, biroq mening yuragim ham, fikru hayolim ham futboldan boshqasini qabul qilmas edi".
Yevropaga safar
12 yoshli Nabining iqtidorini mahalliy skautlar tezda payqashdi va uni Yevropaga yuborishmoqchi bo'lishdi, biroq Nabi u paytda haqiqatdan juda yosh edi. " Men bu chaqiriqqa- bunday katta qadam tashlashga ruhiy jihatdan tayyor emasdim. Ikki yil o'tib, Liga 1, Yevropa Chempionlar Ligasi va Premier Liga o'yinlarini televizor orqali tomosha qilar ekanman, bir narsani- men ham aynan shunday darajadagi futbol o'ynashni xohlashimni tushunib yetdim. Buni uyda yurib uddalashning iloji yo'q edi. Yevropa safar qilish zaruriyatga aylangan edi, faqat biroz vaqt kerak edi xolos. ".
16 yoshda xohish va hech qanday ortiqcha narsani o'ylab o'tirmasdan, u Fransiyaga yo'l oldi.
"Ota- onam daxshatga tushib qolishgandi, ular mening bunchalik uzoqqa ketishimni xohlashmagandi. Ular hammasidan ham mening yangi mamlakatga moslashib ketishimdan xavotirda edilar".
*
Ular haq edilar. 16 yoshli bolakay uchun bu juda qiyin edi. "Dastlabki vaqtlar juda qiyin kechdi, o'zimni ko'rsatishim oson bo'lmadi. Albatta, men oldin o'z do'stlarim bilan futbol o'ynardim. Endi esa bu yerda umuman tanimaydigan begonalar bilan, begona mamlakatda, uydan uzoqda o'ynashim kerak edi. Hammasi juda og'ir edi. Gohida o'ylab ham qolardim. Menga shu kerakmi o'zi? Bu xuddi orzu bo'lib qoladigandek tuyulardi. Shu paytlari tezroq kelgan joyimga qaytishni xohlab qolardim". Fransiyada yashash ham unga og'ir edi. Nabini bu yerda ushlab turgan yagona narsa bu - futbol edi.
" Men hech qachon futbolning professional taraflarini o'rganmagandim. Futbol akademiyasiga qatnamaganman, barcha bilimlarni menga ko'cha bergan. To'pni qabul qil, oldinga yugur, raqiblarni aldab o't va darvozaga zarba ber - Mana shu edi mening futbol haqida bilganlarim. Murabbiylar menga bosqichma -bosqich futbol sirlarini o'rgatishardi. Ular men tushunmagan futbol atamalarini qo'llashardi, mening hayolimga ham kelmaydigan ko'rsatmalarni berishardi, men tushunmaydigan qandaydir taktikalar haqida gapirib berishardi, ko'rsatishardi".
Nabi bu narsalarni 6 yil davomida qunt bilan o'rgandi. O'yindan o'yinga, kundan kunga futboldagi bilimi, jismoniy kuchi o'sib bordi. Hozir maydon markazida undan yaxshi futbolchini topish qiyin.

*


Tezda namoyon bo'lgan qobiliyat
Bir safar "Shalke" jamoasi direktori Kristian Xaydel Keytaning o'yinini aniq tasvirlab bergandi:
-" "Leyspig" bilan o'yinda biz 12 kishiga qarshi o'ynadik, Keyta ularga ikki odam bo'lib berdi. Uning o'yini aqlga sig'maydi. U hamma joyda paydo bo'ladi. To'pni olib qo'yadi, himoyada yordam beradi. Tez harakat qiladi, o'yin tempini boshqaradi, tezkor paslar bilan hujumchilarni oldinga chiqarib yuboradi- bularning hammasi uning pozitsiyada juda yuksak qadrlanadi".
Bu xislatlarni birinchi bo'lib payqay olgan klub "Le Man" hisoblanadi. Lekin, o'sha paytlari klub moliyaviy jihatdan juda qiynalib qolishgandi. Shu paytlarda "Le Man" ning klubi "Istr" jamoasi sport direktori Frederiko Arpinonni yosh futbolchi o'yini ko'rgani chaqirishadi. Skautlar bilan Nabining o'yini ko'rgani Marseldagi turnirga kelgan direktor, Keytaning o'yinidan hayratda qoladi. Tezda uni jamoasiga qo'shib oladi va unga uch yillik shartnoma taklif qilishadi. Dastlabki o'yinidayoq Nabi ishonchni oqlab, bitta gol kiritadi va golga pas beradi.
" Men bu kunlarni juda uzoq kutgandim, bir qancha omadsiz urinishlardan keyin, menda endigina o'zimni ko'rsatish imkoni paydo bo'lgandi- Men hammaga nimaga qodir ekanligimni ko'rsatishni xohlardim".
Bunday omadli lahzalarda ham Nabi yaxshi o'g'il bo'lib qolgandi:.
" Ota onam mendan juda xavotir olishardi, men hattoki ularni tinchlantirish uchun 5-6 marta qo'ng'iroq qilib turardim, hammasini gapirib berardim.
Arpinion tezda tushunib yetdiki, Keyta jamoada uzoq muddat olib qolish imkonsiz ish edi.
Oradan bir yil o'tib Jerar Ule tavsiyasiga binoan, "Red Bull Zalsburg" jamoasi "Istr"ga taklif bilan chiqishdi. Jerarning o'zi Nabi bilan shahsan gaplashib oldi va uni avstriya klubiga o'tishga ko'ndirdi, klub bilan 5 yillik shartnoma imzolandi.
*
Sadio Mane bilan do'stligi va Avstriyadagi hayot
Avstriyada ham Fransiyadagi kabi dastlab qiyin kechdi. Nabi yana hammasini boshidan boshlashi kerak edi:
" Dastlab menda asosiy tarkibga kirish imkoni bo'lmadi, yangi davlatga moslashish ham qiyin kechdi. Sadio aynan shu qiyin damlarda menga katta yordam berdi. U menga hali imkon kelishini, xavotirga o'rin yo'qligini hali hammasi yaxshi bo'lishini aytib meni tinchlantirardi. Biz tezda do'stlashib ketdik, u menga til borasida, do'stlar topishda, shaharni tanitishda katta yordam berdi. Keyin asosiy tarkibda tusha boshladim, o'zimning nimalarga qodirligimni ko'rsata oldim va endi hammasi birmuncha oson edi. Sadio Mane men uchun xuddi akamdek bo'lib qolgan".
*
Yana bitta qiziqarli faktni keltirib o'tish kerak.
" 11 yoki 12 yoshimda do'stlar bilan bir xil futbolkada o'ynashni xohlab qoldik. Kichkinaligimda otam meni Deku ga o'xshatardi, shuning uchun men "Barselona" libosini kiyishni xohladim. Lekin do'stlarimni hammasi "Liverpul" muxlislari edi va aynan "qizillar" libosini kiyishga qaror qildik. Men bu futbolkani kiyishim bilan xuddiki yanada kuchliroqdek bo'lardim, o'zimga ishonchim yanada ortib ketgan edi".
Bugun, oradan shuncha yillar o'tib Nabi yana uyga qaytadi va eski tanish ko'chalarni ko'radi. Beixtiyor xotiralar qamrab oladi.
" Konakriga qaytganimda har doim ko'chalarda mashinalar qatnab turgan yo'lda, oyoq kiyimsiz futbol o'ynab yurgan bolalarni ko'raman. Men ular uchun qancha butsa( oyoq kiyim) berishim mumkin bo'lsa, bu bolalar uchun, shuncha berishga tayyorman. Chunki, bu ular uchun juda muhim. Bolaligimda men Deku, Titi Kamara va Paskal Feydunoga o'xshashni xohlardim. Endi bu bolalar mening ismimni futbolkasi orqasiga yozib olgan. Bu oldinga harakat qilish uchun katta motivatsiya. O'ylaymanki, mening qilgan ishlarimni ular ham takrorlay oladi. Ular uchun qo'limdan kelgancha yordam berishga ham tayyorman. Qayerdan va kim ekanliging hech narsani hal qilmaydi. O'z ustingda tinimsiz mehnat qilsang va orzuyingga yetkuncha to'xtamasang - sen tog'larni ham zabt etishing mumkin".
Kim biladi, balki shu ko'chada futbol o'ynab yurgan bolalardan yangi Nabi Keytalar chiqar?


Intenet ma'lumotlari asosida Sardor Ollamberganov va Miraziz tayyorladi
Teglar : Nabi Keyta | Sadio Mane |
Manba : Liverpul.uz
Qo`shdi: Doktor_Haus
Ko`rildi: 956 Marta

Ma'lumot:

» Hozir saytda: 52
» Foydalanuvchilar: 6
» Mexmonlar: 46

Bugun kirgan barcha foydalanuvchilar
Statok.netwaplog