Bosh saxifa Kirish A`zo bo`lish
Tavsiya Etamiz!

YeCHL va APL favoriti. "Liverpul"ga qaysi chempionlik kerak?

11 dek 2018, 13:11
*

Yozgi transferlarda Yurgen Klopp mersisaydliklar klubi rahbariyatidan jamoani kuchaytirishi kerak bo'lgan pozitsiyalar uchun kerakli summani qo'lga kiritishga muvaffaq bo'ldi va umumiy hisobda 200 mln yevroni sarfladi. Nabi Keyta, Fabinyo, Alisson Bekker va Jerdan Shakiri transferi kutilganidan ko'ra ko'proq foyda keltirishi taxmin qilingandi. Bu futbolchilardan uchtasi hozir asosiy tarkib uchun kurashayabdi. Hozir bu klub "titan" darajasida. Lekin shunga qaramay YeCHLdagi uchta mag'lubiyat "Liverpul" bu mavsum avvalgisiga qaraganda quvnoqlikni bir chetga surib, natija uchun o'ynashni boshlaganini ko'rsatib turibdi.

O'tgan mavsumdagi YeCHL finaligiga chiqqan holatdagi "dejavyu" muxlislarga APLdagi o'rin mutlaqo hech nimani anglatmasligini ko'rsatdi. Muxlislar 13 yil orziqib kutilgan chempionlikni nishonlashni juda istashdi. Ammo bu amalga oshmadi. Yevropaning eng nufuzli turniridagi final klub uchun mavsum yuqori o'tganini bildiradi lekin Premer-Ligada "qizillar" chempion "shaxarliklar"dan 25 ochkoga ortda qolgani ikkinchi darajaga tushib qoldi. APLdagi 38 o'yindan ko'ra, "Liverpul" CHLda mazmunli o'ynab, finalda ishtirok etishni afzal ko'rdi va vaholanki bu amalda ijobiy ko'rinish oldi, biroq o'z mamlakatida tish tirnog'i bilan raqiblik qilgan klublar bilan "Liverpul" juda qiynaldi. Ikkita o'yinda Kloppning yengishning o'zi juda qiyin masala, bitta o'yinga kelganda esa... Yaxshisi, o'tgan va bu mavsumdagi o'yinlardan kelib chiqib o'z fikrlarimni bayon etsam. Dastlabki fikrlarim YeCHL uchun.

Avtobusni bartaraf etishning yo'li

Ochig'ini tan olish lozim, "Liverpul" qarshi hujum, to'p nazorati, pressingda hech bir raqibdan qolishmaydi. Ammo markaz va qanotlarni yopadigan jamoalarga qarshi juda qiynaladi. O'tgan mavsum "MYu" shu usulda o'ynab "Liverpul"dan 4 ochko oldi. Yoki bo'lmasa "Sevilya" bilan o'yinlarni eslasak, raqib jamoamizga o'ynashga imkon bermadi. Bu mavsum esa "Napoli" va "PSJ" "Liverpul"ni o'zining uslubida, "Srvena Zvezda" esa vaziyatlardan unumli foydalanib mag'lub etdi. Neapolda Klopp durang uchun o'ynagani, "Srvena" maydonida raqibning kuchiga baho bermagani, Parijda esa juda himoyaviy taktikani afzal ko'rgani tufayli mag'lubiyatga uchradi. Tan olib aytish joizki klubning markaziy yarim himoyasi juda kuchli emas. Henderson sardorlik bog'ichi ma'suliyatini ko'tara olmayabdi, Milnerda yosh o'tkani sezilayabdi, Veynaldumda esa hujumkorlik kuchli jihat bo'lgani bois u o'z pozitsiyasiga qaytishga ulgurmayabdi. Bunday vaziyatda, aniqrog'i hujumi kuchli bo'lgan raqiblarga qarshi baxslarda zahirada o'tirgan Fabinyo va Keytani jangga tashlash men uchun yechimdek ko'rinmoqda. Kloppning muvaffaqiyat kaliti pressing ekanligini hisobga olsak, pressingda Keytaning tezligi, Fabinyoning zonalarni yopish xislati ko'p jihatlarda asqotadi. Masalan, Fabinyo APLdagi debyut o'yinlarida ko'plab xatolarga yo'l qo'yganiga qaramay, o'zida bor jihatlarni ko'rsatishga urindi va uni uddalayabdi. Unga va Keytaga ham muhitga moslashi uchun vaqt kerak. Bu ikki yosh futbolchida kuch, potensial yuqori bo'lgani bois, muvaffaqiyatni qo'lga kiritishda asosiy unsurlardan biriga aylanishiga shaxsan menda ishonch bor.

Bunda Fabinyoni tayanchga, Veynaldumni markazga, Keytani hujum ortiga qo'yish maqsadga muvofiq. Eslasangiz, "Vest Hem"ga qarshi o'yindagi dastlabki golda aynan Keyta maydon markazidan yorib kirgandi. Bu ikki o'yinchiga ko'proq imkoniyat berilishi taktikaga shak-shubhasiz kreativlik olib kiradi.

Zahira

Shak-shubhasiz bu klubimizning eng og'riqli nuqtasi. O'tgan mavsum Salah kelganidan so'ng, Koutinyo-Salah-Firmino-Mane kvarteti daxshatli formada edi va ularni to'xtatishning iloji bo'lmasdi. Koutinyoni jamoani tark etgach, ko'p yuk Salahning yelkasiga tushdi va u buni uddalay oldi. Finalda uning to'satdan jarohat olishi, jamoaning rejalari butkul buzilishiga sabab bo'ldi hamda zahirada "yetakchi kuch" yo'qligi sabab jamoa mag'lubiyatga uchradi. Koutinyodan keyin Aleks Oksleyd-Chemberlen asosiy figuralardan biriga aylandi, biroq uzoq muddatli jarohatga yo'liqgach Klopp nima qilishni bilmay qoldi. Tan olib aytish joiz bugungi kunda Chemberlenning yo'qligi juda ham bilinayabdi. "Napoli" va "PSJ" bilan o'yinlardagi mag'lubiyatga asosiy sabablardan biri noto'g'ri taktika va raqibning to'g'ri o'ynaganligi bo'lsa, keyingisi zahiraning kuchli emasligida. Starrij o'rtoqlik o'yinlarida yaxshi o'yin ko'rsatdi, biroq unga yetarli o'yin amaliyoti berilmayabdi. Shakiri asosiy tarkibda o'ynashga haqli, zahiradan tushganda o'yinga qo'shilishi uchun kamida 15 daqiqa kerak bo'ladi. Shunday pallalarda, "Everton" bilan o'yinda o'zini eslatgan Divok Origi, yoshlar jamoasida javlon urib, Jerrard xos shijoat namoyish etayotgan Harri Uilson va biz o'z "javohir"imiz deb bilgan Ben Vudbyurnlarga ham imkon berish kerak. Chunki ular mana shunday o'yinlarda toplanishadi, klub libosini kiyib katta tribunalarda o'ynash gashtini surishadi.

Men uchun har o'yinda markaziy hujumga Firminodan ko'ra, Starrij yoki Origidan ham foydalanish qulayroq yechimdek ko'rinmoqda. Biz bilamizki, unda jismoniy holat yuqori emas, uning qanday o'ynashini ko'pchilik himoyachilar bilib olishgan va shunday vaziyatlarda boshqa hujumchi variantidan foydalanish ham yomon emas. Danielda himoyachilarni o'zi bilan olib yurish, Divokda esa yakkakurashlarda kurashuvchanlik juda rivojlangan. Klopp kelgan ilk pallalarda Origini umuman to'xtatib bo'lmasdi. Mersisayd derbisi orqali u yana murabbiy ishonchiga kirib olishi kerak. Agar Chemberlen jarohatidan forig' bo'lsa, Shakiri to'liqligicha jamoa o'yiniga moslasha olsa, Starrij va Origi bir xil formada bo'lsa, zahiradagi yigitlar ham ancha kuchli ko'rinishga keladi.

Biz YeCHLda favoritmiz. "Real Madrid" oldingidek kuchli emas, "Barselona"ni mag'lub etsa bo'ladi, "Yuventus" faqatgina "Liverpul"dek qattiq kurashadigan jamoalar bilan o'yinda juda qiynaladi (misol, "Milan", "Napoli"), "Bavariya"da tarkib ham, murabbiy ham kuchli emas, "Atletiko"ni pressing yordamida mag'lub etsa bo'ladi. Biz uchun avvalo "Napoli"ni mag'lub etib guruhdan chiqish lozim. Bilamizki, "Liverpul"ni pley-offda to'xtatish juda qiyin. Shu sababdan olib qaralsa, guruhdagi 3 mag'lubiyatdan fojea yasamaslik shart. Endi APLga o'tamiz.

"Manchester Siti"ni uzoqlashtirmaslik

O'tgan mavsum qishda "Liverpul" "Manchester Siti"dan dastlabki davrada 5 ochko ortda qolgandi. Transferlarda vaqtida Koutinyoning ketishiga tayyor bo'lmagan jamoa ikkinchi davrada juda ko'p ochko yo'qotdi. Demak, Klopp oldida Gvardioladan davralar oralig'ida imkon qadar ortda qolmaslik talab etiladi. Hozircha buni 14 tur davomida uddasidan chiqdi. Kezi kelganda hujumkorlikdan biroz chekinib, natija uchun o'ynashi lozim bo'ladi.

Bir necha yildan buyon Gvardiola va Klopp o'rtasida qarama-qarshilik, ziddiyat kuchayib bormoqda. Klopp Gvardioladan o'zaro o'yinda ustun kelishiga qaramay, Xosep Yurgendan ko'ra ildamroq harakat qilib chempionlik tojini ilib ketayabdi. Ikkala jamoa hozircha mag'lubiyatga uchramayabdi. Klopp Gvardiolani dunyodagi eng yaxshi murabbiy desa, Gvardiola Kloppni mag'lub etishga chora topolmayotganini yashirib o'tirmayabdi. "Liverpul" oldingi mavsumlarga qaraganda juda katta siljishni amalga oshirdi va bunda asosiy jihay markaziy himoyachilarning ishonchli o'yini, qanot himoyachilarining dvigateldek tinmay mehnat qilayotgani asosiy rolni bajarmoqda. Garchi oldingidek chiroyli g'alaba qozona olmayotgan bo'lsa ham, muhimi raqiblarni mag'lub etishning uddasidan chiqilmoqda. "Siti" chempionlik uchun asosiy da'vogar, ammo "Liverpul"ning o'yini va statistikasidan kelib chiqib hisoblansa, kurash juda qizg'in tus oladi. Klopp juda kuchli psixologdir. Bejizga u mana 6 yildirki jahonning eng kuchli 5 nafar murabbiyidan biri emas. U qanday musoboqada qanday o'ynash kerakligi, qaysi birida nima yutish kerakligini juda yaxshi biladi.
Bu yilga kelibgina "Liverpul"da chempionlik uchun juda katta potensial paydo bo'ldi va bu muvaffaqiyat kaliti bo'ladi.

Sizchi? Siz ham men kabi jamoaning APLda chempioni bo'lishini xohlaysizmi yoki YeCHLdagi triumfnimi?
Teglar : Mulohaza | |
Manba : Liverpul.uz
Qo`shdi: Liverpool_my_life
Ko`rildi: 728 Marta

Ma'lumot:

» Hozir saytda: 58
» Foydalanuvchilar: 6
» Mexmonlar: 52

Bugun kirgan barcha foydalanuvchilar
Statok.netwaplog