catmenu

Liverpuldagi Dias bilan yaqindan tanishamiz. Kim o'zi u?!

Odatda "Liverpul" qish mavsumi transfer bozorida unchalik faol bo'lmaydi, chunki yozda bitimlar imzolashni afzal ko'radi. Biroq klub istisno tariqasida bu yanvar ko'pchilikni xursand qildi. Klopp uchun 25 yoshli vinger "Portu"dan xarid qilindi.

Transfer narxi — 45 mln evro va 15 mln bonus. Shartnoma muddati 2027 yilgacha bo'lib, futbolchining maoshi haftasiga 90 ming funtni tashkil etadi. Tibbiy ko'rik Janubiy Amerikada, Dias JCh-2022 saralash bahslarida ishtirok etish uchun Kolumbiya termasiga borib qo'shilganida, bo'lib o'tdi. Tekshiruv oson bo'lmadi: kovid bo'yicha protokolni buzmaslik uchun shifokorlar Argentinaga uchib kelishdi va u erda o'yinchi bilan uchrashishdi. Klopp bu uchun kolumbiyalik futbol rasmiylariga alohida tashakkur bildirdi.

28 yanvar kuni Jeymi Karrager tug'ilgan kunini nishonladi. Jeymi "Liverpul" rasmiy sahifasidan kelgan tabriknomaga quyidagicha javob qaytardi:

"Diasning transferi ajoyib sovg'a bo'ldi".

Bir necha kun kutishga to'g'ri keldi, ammo Karrager bu uchun yaxshigina sovg'aga ega bo'ldi: kolumbiyalik 23 raqamda o'ynaydi. Eslatib o'tamiz, Jeymi "Liverpul"dagi butun faoliyati davomida shu raqam ostida to'p tepgan.

"Liverpul" Diasni yozda xarid qilmoqchi edi. Lekin "Portu"ning moliyaviy feyr-pley muammolari va "Tottenxem"ning faolligi vaziyatni yanada tezlashtirdi

"Liverpul" anchadan beri Diasni kuzatib yurardi. Transfer qishda amalga oshish ehtimoli juda past edi: odatda klublar bilan kelishish qiyinroq, narxlar yuqori bo'ladi. Ha, Diasning "Portu" bilan shartnomasida tovon puli 80 mln evro edi. "Liverpul" istisno holatlardagina bunday summa sarflaydi. Ammo UEFA tomonidan "Portu" tazyiq ostida edi — klub moliyaviy feyr-pley chegaralaridan chiqib ketayotgandi. Shuning uchun, portugaliyaliklar pulga juda muhtoj edi. Dias — klubning eng talabgir o'yinchisi. Shu sababli, avvalo uni so'rab kelishlari aniq edi.

Yozda Rafa Benites ("Everton" bosh murabbiyi) Luisga katta qiziqish bildirgandi, unga qadar esa kolumbiyalikka "Brayton" va "Zenit" ham da'vogar bo'lgan. Yanvarda "MYu" va "Barselona" ham Diasni jamoasiga qo'shib olishni istagan, biroq vinger uchun asosiy da'vogar "Tottenxem" edi. Londonliklar taklif bildirishdi va barchasi "Portu"ga ma'qul keldi — summa shartnomada ko'rsatilgan tovon pulidan pastroq edi. "Liverpul" aynan shu payt vaziyatga aralashdi: mersisaydliklar katta "chegirma" va "Tottenxem" bilan muzokalar haqida eshitgan zahoti futbolchini qo'ldan boy bermaslikka qaror qilishdi. Taklif London klubiniki kabi foydali bo'lmadi — "shporlar" hech qanday bonuslarsiz naqd 60 mln evro berishga tayyor edi. "Portu" esa kamroq summaga, lekin bonusi bor taklifga rozilik bildirdi. Muhimi, futbolchining istagi ham inobatga olindi.

Barchasi chiroyli tarzda amalga oshirildi. "Portu" 31 yanvargacha qarzdorligini yopishi kerak edi. Shuning uchun, "Liverpul" tibbiy ko'rikdan avval taxminan 8 mln evroni oldindan to'lab berdi. Natijada portugallar qarzini to'lab, 3 mavsumga evrokubokdan chetlatish muammosidan qutilib qolishdi.

Muzokaraning muvaffaqiyati — Julian Uordning ilk katta yutug'idir. Sababi Uord yozda "Liverpul"ning yangi sport direktori lavozimiga o'tiradi — afsonaviy Maykl Edvardsning shartnomasi muddati yakuniga etmoqda, bitim uzaytirilmaydi. Edvardsning o'zi buni rad etdi, sababi unga yangi takliflar tushayotgan ekan. Lekin Maykl yangi transfer vaqtida chetdan qarab turgani yo'q. Uordning o'zi ham bu ishni uddalay olardi, chunki, bir necha yil avval Julian Portugaliya termasida tahlilchi bo'lib faoliyat yuritgan. Mersisaydliklarning asosiy skauti bo'lish Ispaniya va Portugaliya o'rtasidagi muzokarada ham kattagina yordam berdi.

Dias ispanlarga bo'ysunmagan qabiladan. Mahalliy xalqlar orasidagi maxsus Amerika Kubogidan so'ng yigitcha katta futbolga qadam qo'ydi

Dias Kolumbiya shimolida yashovchi vayyu qabilasidan hisoblanadi. Ular ispan mustamlakachilarga bo'ysunmagan hind qabilasidir. Vayyu — hindlar orasida birinchilardan bo'lib zamonaviy davlat hududida yashagan, qurollardan foydalangan va otlarni egarlagan xalq sanaladi.

Vayyu ispanlarga qattiq qarshilik ko'rsatdi, natijada bu qonli olishuvga aylanib ketdi. Ispaniya gubernatori Soto de Errera "Xudoni, qonunni va qirolni tanimaydigan qabila o'limga loyiq" deb aytgan. XIX asr oxiridagina Venesuela va Kolumbiya hukumatlari bo'ysunmas vayyu qabilasini sahroga haydashga muvaffaq bo'lgandi. Vayyu qabilasi bugungi kunda Guaxira cho'lida nochor ahvolda kun ko'radi. Ular Janibiy Amerika shimolidagi ko'p sonli mahalliy xalqlardan biri — taxminan 685 ming vayyu Kolumbiya va Venesuela chegarasida yashaydi.

Dias shunday sharoitdan futbolga kirib keldi. 2015 yili qabila jamoasi Kolumbiya hindulari o'rtasidagi turnirda ishtirok etdi. 18 yoshli Luis skautlar e'tiboriga tushdi. Yigitchani vayyudan mahalliy xalqlar orasidagi Kopa Amerikaga (ha, shunaqasi ham bor) olishdi. U erda Kolumbiya finalga chiqdi, biroq u erda Paragvayga imkoniyatni boy berdi. Dias turnir kashfiyotlaridan biri bo'ldi.

"U juda ozg'in va baland bo'yli edi, — yodga oladi o'sha jamoa murabbiyi Xayro Dias. — Juda ko'p savol berar, taktikaga qiziqar va mashg'ulotlarda qattiq mehnat qilardi. Finaldagi mag'lubiyatdan so'ng kiyinish xonasida uzoq yig'lagan edi".

Luisni Kolumbiyaning mashhur klublaridan biriga taklif qilishdi — "Atletiko Xunior". Bunga hindular termasiga o'yinchi tanlash borasida yordam beradigan Karlos Valderrama sababchi bo'ldi. Dias juda qilitriq edi. Shuning uchun, 10 kg yig'ishi uchun unga maxsus dieta qilishini aytishdi. Yashash sharoiti uning vazniga katta ta'sir qilgan. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko'ra, o'sha xalqning turmush sharoiti juda og'ir, bolalar to'yib ovqatlanmasligi asosiy muammolardan biri. 2020 yil statistikasiga ko'ra, vayyu qabilasining atigi 23%i normal tarzda ovqatlanadi.

Dias o'zining kichik vatanini unutmaydi. Kopa Amerika-2021dagi muvaffaqiyatli sayohatidan so'ng, u Barrankas shaharchasidagi uyiga bordi va o'sha erdagi mahalliy aholi bolalari bilan o'ynadi. Dias "Atletiko" safida bir qancha titullarni qo'lga kiritgan (Kolumbiya chempionaning turli bosqichlaridagi g'alabalar, Kolumbiya Kubogidagi g'alaba). 2019 yili yozida u "Portu"ga jo'nab ketdi.

"O'ylaymanki, "Portu" u uchun boshlang'ich ta'lim bo'ladi oladi. Xuddi Xames va Falkaoga bo'lgani kabi, — degan edi Diasning birinchi murabbiyi Portugaliyaga transfer amalga oshganidan so'ng. — Tez orada Evropaning eng yaxshi 5ta klubidan birida uni ko'ramiz deb umid qilaman".

Murabbiy adashmagan edi. Vayyu qabilasi jamoasidan "Liverpul"gacha bo'lgan yo'l 7 (!) yilni tashkil etdi. Shu sababli, hech qachon orzu qilishgan to'xtamang!

Diasni Neymar va Robben bilan taqqoslashmoqda

Luis yildan-yilga yaxshilanib bormoqda. O'tgan yozda Kopa Amerikada yorqin iz qoldirdi: eng yaxshi to'purar bo'ldi (4ta gol — Messida ham xuddi shuncha), turnir termasiga kiritildi va jamoasi 3-o'rin olishida katta yordam berdi.

"Portu"dagi statistikasi ham yomon emas. Dias bu mavsum Portugaliya chempionatida 14ta gol urdi va 5ta assist qayd etdi — chempionat to'purarlari orasida ikkinchi ("Benfika" o'yinchisi Nunes hisobida 1ta gol ko'proq) va gol+pas tizimi bo'yincha ham ikkinchi bo'ldi ("Benfika" futbolchisi Rafa Silvada 1 ochko ko'proq). Bunga qadar kolumbiyalik ikki mavsum davomida muntazam 6+5 natija qayd etardi.

Portugaliya ommaviy axborot vositalari "Portu"ning chempionlik uchun kurashida Diasning kuchli o'yini asosiy omil bo'lishini ta'kidlashgandi — klub "Sporting"dan 5 ochko oldinda. Bu haqiqatga o'xshaydi: ko'pincha Luisning individual harakatlari tufayli ochko qo'lga kiritilgan. Yorqin misol: yanvar boshlarida "Portu" birinchi taym natijasiga ko'ra 0:2 hisobida yutqazayotgandi. Ikkinchi taymda Luis gol urdi va bosh murabbiyning o'g'liga golli pas berdi. Natijada jamoa 3:2 hisobida g'alabaga erishdi.

"Liverpul" va Kloppning shaxsan o'zi Diasni kuzatishgan: futbolchi kuzda Chempionlar Ligasi doirasidagi "Liverpul"ga qarshi ikki bahsda ham to'liq o'ynagandi. To'g'ri, "Portu" ikki safar ham mag'lub bo'lgan, ammo bu Kloppni qo'rquvga solmadi:

"Biz Luisga qarshi o'ynaganimizda, u qanchalik xavfli va tezkor ekaniga hamda uning mentaliteti jamoaga qanchalik katta yordam berganiga guvoh bo'ldik. U bizning turmush tarzimiz va Premer-ligaga ham jismonan, ham ruhan moslasha oladi deb o'ylaymiz. Biz hozir ham, kelajakda ham yaxshiroq o'ynashimizda Luisning hissasi katta bo'lishiga ishonamiz".

Xayro Dias — Luisning birinchi murabbiyi. Uning fikricha, "Liverpul"ning yangi futbolchisi o'yin uslubi bo'yicha Neymarni eslatayotgan ekan:

"U to'xtab turgan joyidan tezlashishi va bir lahzada to'xtashi, harakatini o'zgartirishi mumkin — bu uning kuchli tomoni".

Statistika tasdiqlaydi: kolumbiyalik — muvaffaqiyatli aldab o'tishlar soni bo'yicha Portugaliya ligasi top-3ligiga kirgan.

The Athletic nashri Evropa futbolida boshqa bir analog topa oldi – Aren Robben. Barchamizga yaxshi tanish "firmenniy" usul: Dias qanotdan markazga o'tadi va uzoq burchakka zarba beradi — u buni qila olishini hamma biladi, lekin ko'pchilik to'xtata olmaydi. Biroq Robbendan bir ustun jihati bor: Luis ikki oyoqda ham yaxshi o'ynay oladi. Markaz tomon harakatlanishning o'rniga qanotdan oldinga o'tadi va chap oyoqda uzatmani amalga oshiradi. Ba'zan o'sha chap oyoqda zarba berishi ham mumkin. Bu mavsum u chap oyoqda va boshi bilan 3tadan gol urdi.

"Ba'zida klubdoshlarim so'rashadi: "Nega o'zing tepmading?" Ochig'i, agar sherigim yaxshiroq pozitsiyada turgan bo'lsa, pas berishni afzal ko'raman. Shunday vaziyatlarda o'saman deb o'ylayman", — degan edi futbolchi 2020 yil bergan intervyusida. Bu mavsum sherigi zarba berishi uchun qulay uzatmalar soni bo'yicha Portugaliya ligasi top-3ligiga kirdi.

Dias — Manening o'rniga potentsial o'rinbosar. "Liverpul" yana raqobatchilaridan chaqqonroq harakat qildi

Asosiy savol — Klopp  Diasdan qay maqsadda foydalanmoqchi?

Diasni xarid qilish —  hujumchilar uchligini qayta tiklashning bir qismidir. "Liverpul" Mane-Firmino-Salax buyuk o'yinchilar ekanini yaxshi biladi, ammo ularni asta-sekinlik bilan almashtirish lozim. Aftidan, ular balansni izlashmoqda. Har bir futbolchining o'rinbosari borligi jamoa tuzishda ham, futbolchilarning maydondagi munosabatida ham, muzokara olib borishda ham moslashuvchanlikni beradi.

Hujum uchligi uchun sotib olinadigan futbolchilar (avvaliga Jota, endi esa Dias) bir pozitsiyadan ko'proq joyda o'ynay oladi. Biroq Luis — Manening o'rnini bosa oladi. "Liverpul" Sado bilan muzokarada ustunroq (shartnoma muddati 1.5 yildan so'ng nihoyasiga etadi, hozircha bitimni uzaytirish borasida muzokara olib borilmayapti). Jamoadan ketish varianti ham unchalik qo'rqinchli emasga o'xshaydi.

"Liverpul"ni butkul qoniqtiradigan ikki variant: yo tayyor va Klopp futbolchiga allaqachon moslashib ulgurgan o'rinbosar yoxud biz hozir Jota va Firmino misolida ko'rayotgan holat: raqobat ham, taktik xilma-xillik ham bor. To'g'ri, garchi ikkisi ham Klopp tizimida qiziqarli sifatlarni namoyish eta olishiga qaramay, Dias va Mane bir-biridan farq qiladi. Luis birga-bir kurashlarda o'zini yorqinroq ko'rsata oladi, qiyin harakatlarni ham yaxshi bajaradi — to'p o'ng qanot ostida bo'lgan vaziyatlarda chap qanotdan yugurib kelib, to'pni olib qo'yadi.

Mane esa yakkakurashda unchalik ham zo'r emas, lekin shu bilan birga kombinatsiyalarni yaxshi o'qiy oladi va Diasdan farqli o'laroq, u himoyachilar ortidagi bo'sh zonalardan samarali foydalanadi. Ha, Sado hozir to'psiz ham Luisdan ustun. Ular turli xil, biroq ikkisi ham "Liverpul" tizimini o'zini namoyish eta olishi mumkin.

Muhimi, Diasda ham to'psiz o'ynay olish sifatlari bor — u asta-sekin bo'lsa-da, Klopp futboliga moslashadi. Quvonarlisi, uni hozir sotib olishganidadir. Sababi u ma'lum vaqtini boshlang'ich tarkibning muhim o'yinchisi sifatida o'tkazmaydi, aksincha Mane bilan raqobat qiladi. Chuqur o'ylab chiqishganiga shubha yo'q. Bu transfer — "Liverpul"ning uzoq muddatli strategiyasiga yana bir yorqin misol. Ha, reja o'ylanganidan biroz vaqtli amalga oshdi, ammo bu umumiy rejaga butkul mos keladi.

Dias allaqachon "Liverpul"ga kelib qo'shildi va mashg'ulot o'tkazishga ham ulgurdi. Shuningdek, "Bugundanoq jamoaga yordam berishga tayyorman" dedi. Qiziq, uni bugun mersisaydliklar libosida ko'ramizmi? Bizni kuzatishda davom eting!

Eslatib o'tamiz, bugun Toshkent vaqti bilan 17:00da "Liverpul" - "Kardiff siti" uchrashuviga start beriladi.

Nozima Zaripova tarjimasi


Bizga ijtimoiy tarmoqlarda obuna bo'ling:

Navbatdagi o'yin:
clublogo
Yakunlanngan o'yin:

APL jadvali

П
Команда
И
З
П
РМ
О
1Ман Сити2457144360
2Ливерпуль2360194151
3Челси2448183047
4Вест Хэм2442311140
5Арсенал223425939
6Ман Юнайтед233731639
7Тоттенхэм212827136
8Вулверхэмптон221917234

So'rovnoma

"Kristal Pelas" ga qarshi o'yindagi eng yaxshi futbolchi

Tasodifiy iqtibos

Agar siz hayotingizda qaror qabul qila olmasangiz, parlamentga borganingiz ma'qul - siz jamiyat uchun xavfli odamsiz.
Bill Shenkli
Bog'lanish
Liverpulning O'zbek zabon muxlislari sayti
2021-yilda qaytadan tashkil etilgan